Bu haqda Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

1 mart kuni ZF-UZ-VAC 2001 nomli koronavirusning yangi tipiga qarshi rekombinant (CHO cell) xitoy-o‘zbek vaksinasi tibbiyot amaliyotida qo‘llash uchun tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Ro‘yxat raqami — DV/X 08646/03/21.

Oldinroq Xitoyning Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co. Ltd kompaniyasi koronavirusga qarshi vaksinani yaratishda O‘zbekistonning hissasi va ca’y-harakatlarini inobatga olib, ZF 2001 vaksinani birga yaratgan hammuallif mamlakat sifatida belgilagan edi.

Ushbu yangi vaksinani birgalikda ishlab chiqarish va foydalanilishga kelishilgan. Ushbu vaksina Jurabek Laboratories korxonasi tomonidan ishlab chiqarilishi haqida xabar bergan edik.

«O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 4 yanvarda tasdiqlangan «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida"gi Qonunning 12-moddasiga ko‘ra dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikaning tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga, qoida tariqasida, ular davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganidan keyin ruxsat etiladi», — deb eslatadi agentlik.

Oldinroq Sputnik V vaksinasini O‘zbekistonda qo‘llashga ruxsat etilgan edi.

27 fevral holatiga O‘zbekistonda koronavirusga qarshi O‘zbekiston-Xitoy ZF-UZ-VAC2001 vaksinasi sinovida 6836 nafar ko‘ngilli vaksinaning 1-dozasi, 4453 nafar ko‘ngilli vaksinaning 2-dozasi va 283 nafar ko‘ngilli 3-doza bilan emlandi.