Suv omboriga 1 maygacha 350 mln metr kub suv yig‘ish choralari ko‘riladi. Hozirda u yerda 218 mln metr kub suv yig‘ilgan, deya xabar bermoqda Daryo nashri.

«Bu miqdordagi suvni to‘plab, omborni xavfsiz eksplutatsiya qilish maqsadida suv ombori Suv xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazildi. Reja asosida qurilish va xavfsizligini ta’minlagan holda ishlatilmoqda. Xarajatlar to‘liq respublika byudjetidan qoplanmoqda», — deya ma’lum qilindi.

Suv omborini rekonstruksiya qilish maqsadida katta tajribaga ega xorijiy va mahalliy ekspertlar, loyihachilar jalb qilingani aytildi.

«Jumladan, Qozog‘iston tomoni bilan ham o‘rganilgan holda amalga oshiriladi. 17−21 fevral kunlari Qozog‘istondan tegishli ekspertlar suv omboriga kelib, ular ham ijobiy xulosa qilib qaytdi. Keyingi jarayonlarda ham qatnashish istagini bildirdi. Albatta, bu jarayon Sirdaryo va Jizzax viloyati aholisi, deputatlar va hudud rahbarlari bilan kelishib bajariladi», — dedi vazirlik vakili.

Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Sardoba suv omborini qayta tiklashda hozirgi kunda suv omborining holati yuzasidan hamda yuzaga kelgan texnogen ofatni sabablarini o‘rganish yuzasidan xorijiy mutaxassislar (Moskva davlat Qurilish universtiteti) jalb qilinib texnik yechimlar to‘liq o‘rganib chiqilmoqda.

Muhandislik-qidiruv ishlari «O‘zGASHKLITI» DUK tashkiloti tomonidan Rossiyaning mutaxassislari bilan birga o‘rganish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilindi.

Aytilishicha, Sardoba suv omborining to‘g‘oni 60 PKda buzilishi oqibatida to‘g‘onning boshqa qismlarida ham oqim ta’sirida buzilishlar bo‘lgan. Hozirgi kunda shu nuqsonlarni bartaraf etish hamda vaqtinchalik suv omborni qisman faoliyat yuritishini tiklash ko‘zda tutilgan.