26 fevral kuni o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishida prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalasi muhokama qilinmoqda. Bu haqda “Gazeta.uz” muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari o‘tgan ikki yilda 116 mingga yaqin ayollar o‘z tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatganini ma’lum qildi.

“Oila tashvishlaridan ortib, erkaklar bilan tengma-teng ishlayotgan, o‘zining tashabbuslarini, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun, tunu-kun mehnat qilayotgan va barchaga o‘rnak bo‘layotgan xotin-qizlarimiz joylarda juda ko‘plab topiladi. Lekin, barcha ayollarga ham jamiyatda o‘rnini topishi uchun munosib sharoit, imkoniyat yaratib bera olayapmiz-mi? Ularning barcha muammolari hal bo‘layapti-mi? Afsuski, yo‘q”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev ajrimlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tdi. Oiladagi kelishmovchiliklar oqibatida o‘tgan yili 28 mingdan ortiq oilalar buzilgani aytildi.

Qashqadaryoda — 2 ming, Xorazmda — 1,1 ming, birgina Romiton tumanida — 110 ta ajrim qayd etilgan.

“Er-xotin o‘rtasidagi doimiy janjal, xiyonat, kuch ishlatish va migratsiya ajrimlarning 70 foiziga sabab bo‘lmoqda. Eng achinarlisi, ayollarni xo‘rlash, o‘zini-o‘zi o‘ldirish darajasiga yetkazish hamda omma oldida „sazoyi“ qilish holatlari oddiy holatga aylanib bormoqda”, — dedi u. Prezidentning aytishicha, o‘tgan yili 15 mingga yaqin xotin-qizlar tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan.

Shuningdek, o‘tgan yillarda 480 mingga yaqin xotin-qizlar uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan bo‘lib, hozirda, ularning farzandlariga oid ma’lumotlar hech qaysi idorada mavjud emas.

Bu borada vasiylik va homiylik organlarining mahalla, maktab va bog‘chalar bilan hamkorligi mutlaqo talabga javob bermasligi ta’kidlandi.

“Shu bois, xotin-qizlar muammolarini o‘rganish va manzilli ishlash maqsadida, mutlaqo yangi tizim yaratildi, „ayollar daftari“ joriy etildi. Joylarda bevosita 6,4 million ayollar bilan muloqot qilish orqali, 9 ta mezon asosida, ushbu daftarga 433 ming nafari kiritilib, elektron baza shakllantirildi”, — dedi davlat rahbari.

Shundan, 253 ming nafari — ishsizlar, 44 ming — tibbiy, 48,5 ming — huquqiy va psixologik yordamga muhtojlar, 37 ming — boquvchisini yo‘qotgan, 33,5 ming — nogironligi bo‘lganlar (shundan 4,5 ming — uy-joyini ta’mirlashga muhtoj) , 9 ming — noturar joyda yashovchilar, 8 ming — nogironligi bo‘lgan farzandini tarbiyalayotgan yolg‘iz ayollarni tashkil etadi.

Hozirgi kungacha, respublika komissiyasi tomonidan “ayollar daftari"ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizlarning (19 foiz) muammolari 3 oyda hal etilgani di.

“Endi, ishni „mahallabay“ tashkil etishda mahalla raisi, uning xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari boshchiligidagi Ayollar maslahat kengashlari xotin-qizlar muammolarini „xonadonbay“ aniqlab, sektor rahbarlari oldiga aniq va lo‘nda masalalarni qo‘yishi shart”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Endilikda kutilayotganidek:

  • Tuman va shahar hokimining mahalla va iqtisodiyot bo‘yicha o‘rinbosarlari — ayollar bandligini ta’minlash, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj nogironligi bo‘lgan ayollarni moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashga;
  • hokimning ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari — tibbiy himoyaga va psixologik yordamga muhtoj xotin-qizlar, qaramog‘ida nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud yolg‘iz ayollarni qo‘llab-quvvatlashga;
  • tuman “Xalq banki” rahbarlari — xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilishga;
  • tuman prokurori, ichki ishlar va adliya bo‘limlari boshliqlari — huquqiy yordam olishga muhtoj, zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarga ko‘maklashishga mas’ul bo‘ladi. Ushbu vazifa ijrosini Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Artikova muvofiqlashtirib, hududlar kesimida haftalik muhokamasini o‘tkazadi.
  • tuman xotin-qizlar va mahalladagi Ayollar maslahat kengashlari — oilaviy ajralishlarni oldini olishga, notinch oilalardagi kelishmovchiliklarni bartaraf etishga mas’ul bo‘ladi.

Ushbu rahbarlar, haftaning 2 kunida faqat ayollar masalalari bilan shug‘ullanadi. Ushbu biriktirilgan rahbarlarga o‘z yo‘nalishi bo‘yicha haftalik ishlarini, tuman va shahar hokimlari oylik reja tasdiqlab beradi va nazoratini yuritadi. Hokimning xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi, tuman kasaba uyushmasi xotin-qizlarga oid barcha topshiriqlarni muvofiqlashtirib boradi.

Viloyat va respublika darajasidagi rahbarlar xuddi shu tizim asosida belgilangan yo‘nalishlarga mas’ul bo‘ladi.

10 martdan boshlab Tanzila Narbayeva va Qudratilla Rafikov 3−5 kundan har bir viloyatga borib, ahvol bilan tanishadi va bugungi vazifalar ijrosini bevosita tashkil qiladi.