Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva America Ovozi (VoA)ga bergan intervyusida avvalgi rahbariyat va hozirgi davlat boshqaruvi tizimi borasida fikr bildirdi.

«Avvalgi rahbarlar va hozirgi rahbarlar o‘rtasida farq juda ham katta. Chunki, avval bir rahbarning og‘ziga hamma qarab turar edi. Shu rahbar nima desa, qonun ham shu edi. Qonunlar ham chetda qarab turishi mumkin edi, o‘sha vaqtlarda», — deya ta’kidladi Narbayeva.

U Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosat haqida gapirar ekan, avvaliga «ko‘pchilik rahbarlar moslasha olmaganini» aytdi.

«Hozirgi rahbar yuritayotgan siyosatga ko‘p rahbarlar moslasha olmadi. Ular tushuna olmay turdi. Davlatimiz rahbari juda ham ko‘p erkinliklar berdilar. Har bir tarmoq, vazirlik va hatto pastdagi hokimliklarga ham juda katta erkinlik va vakolatlar berdi», — deya fikr bildirdi Senat raisi.


Foto: Videodan lavha.

U ikki davrni qiyoslash va vaziyatni yaxshiroq anglash uchun misol keltirdi.

«Oldingi davrda bir hududda o‘zining mablag‘i bo‘lmas edi. Davlat byudjetidan berilgan mablag‘ ham, o‘zidan yig‘ilgan mablag‘ ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjetiga o‘tkazib yuborilardi. O‘sha hudud soliqlar hisobiga yig‘ilgan mablag‘iga ham „xo‘jayin“ bo‘la olmas edi. Hozir esa yig‘ilgan mablag‘i o‘zida qolyapti. Menimcha, dunyoning hamma davlatlarida ham bunday emas. Davlat rahbari mana shunday erkinlik berdiki, hududlar o‘zlari yig‘gan mablag‘ini o‘z hududlarining infratuzilmasiga, ijtimoiy muammolarini hal qilishga, yangi korxonalar tashkil qilib, ish o‘rinlari yaratishga bemalol sarflay olyapti. „Bu mustaqillik emasmi?“, degingiz keladi», — deya ta’kidladi Tanzila Narbayeva.

Senat raisi avval, hokimlar «bizga tepadan qancha pul berilar ekan», deb kutishganini, hozir esa vaziyat umuman boshqacha tus olayotganini qo‘shimcha qildi.

«Hozir biror hududga borib ko‘ring, hokimlar mablag‘ni qayerga sarflagini bo‘yicha tiyin-tiyinigacha aytib beradi. Avval bunaqa emas edi. Avval ular faqat kutib o‘tirishar edi, „bizga tepadan qancha pul berilar ekan“ deb. Bir tiyin ham berilmas edi», — deydi intervyuda yuqori palata raisi.

Shuningdek, suhbat chog‘ida paxta yig‘im-terimi hamda majburiy mehnat masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

«Paxta yig‘im-terimida paxtani yetishtirishga ham mablag‘ berilmagan. Hattoki, paxtani yig‘ib olishda mehnat uchun ham pul berilmas edi. Mehnat uchun pul berilmaganidan keyin, albatta, majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilardi. Shuning uchun ham majburiy mehnat bo‘lgan. Byudjet tashkilotlarida, masalan, tibbiyot, ta’lim xodimlariga „oyligini olsin-u, lekin mehnatini paxta dalasida qilsin“ deyilardi. O‘qituvchi 4 oylab paxta dalasida qorayib mehnat qilardi», — deya qo‘shimcha qildi senat raisi Tanzila Narbayeva.