O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 fevral kuni Jizzax viloyatining investitsiya loyihalari taqdimoti bilan tanishgan edi. Taqdimotda jami 515 ta loyiha haqida ma’lumot berildi. Loyihalarning umumiy qiymati 35,5 trln so‘mni tashkil etadi.«Gazeta.uz» «Jizzax» erkin iqtisodiy zonasida avtomobil sohasida amalga oshiriladigan uchta loyihaga e’tibor qaratdi.

ADM Jizzakh

Korxonalar va tashkilotlarning yagona davlat registri (KTYADR) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil yanvarda ro‘yxatga olingan ADM Jizzakh avtozavodining yagona ta’sischisi Roodell tijoriy avtomobil va yengil transport chakana savdosi bilan shug‘ullanadi. O‘z navbatida, Roodell ulushlariga Mirbaxrom Asrorov (33,4%), Doniyor Davlatyorov (33,3%) va Murod-Mirza Sharipov (33,3%) egalik qiladi.

Taqdimotga ko‘ra, 2020 yilda Roodell kompaniyasining ADM Jizzakh zavodida yengil avtomobillar ishlab chiqarishning ikkinchi bosqichini amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Sentyabrda mazkur maydonchada Kia, so‘ngra Lada va Renault avtomobillari taqdimotlari o‘tkazilgan edi.

Loyiha qiymati 700 mlrd so‘m, ishlab chiqarish quvvati — 100 ta avtomobilni tashkil etadi. 860 ta ishchi o‘rni ochilishi kutilmoqda.

Koreya Eksimbanki kredit mablag‘larini ajratadi.

Roodell bosh direktori Doniyor Davlatyorov «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida zavodda birinchi bosqichda 195 ta operatsiyani amalga oshirgan holda yirik uzelli yig‘ish uslubida avtomobil yig‘ilishini ma’lum qildi. ikkinchi bosqichda, 2022 yil oxirigacha, payvandlash, kuzovlarni bo‘yash va SKD-yig‘ish sexlarini ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgan edi.

«Ikkinchi bosqichda biz butunlay boshqa avtomobilni chiqaramiz, hozirda u hech qayerda yo‘q. U MDHda namoyish etilmagan. U O‘zbekiston hududida butun mintaqa uchun eksklyuziv ravishda ishlab chiqariladigan yangi KIA mahsuloti bo‘ladi… Bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra, u hamyonbop avtomobil bo‘lib, eksport ham qilinadi», — deya ta’kidladi u.

Auto Motors Asia

KTYADR ma’lumotlariga ko‘ra, Auto Motors Asia 2020 yil 25 fevralda ro‘yxatga olingan. Asosiy faoliyat turi — motorli transport vositalarini ishlab chiqarish. Yagona ta’sischi va rahbar — Eldor Abdurasulov.

Auto Motors Asia kompaniyasi 2021 yilda Jizzaxda mikroavtobuslar, tijoriy avtomobillar va yuk mashinalarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga tayyorlanmoqda.

Ishlab chiqarish quvvati yiliga 27 mingta avtomobilni tashkil etib, 174,7 mlrd so‘m miqdorida sarmoya kiritiladi. 500 ta yangi ish o‘rni ochilishini kutilmoqda.

Avvalroq «Gazeta.uz» kompaniyaning chet ellik hamkorlari Xitoyning China Dong Feng Motor Industry va Nebei Changan Automile kompaniyalari bo‘lishi kutilayotgani haqida yozgan edi.

Jizzax avtomobil zavodi

Jizzax avtomobil zavodi 2017 yil 23 may kuni ro‘yxatga olingan. Zavodga «O‘zavtosanoat» tomonidan tijoriy texnikalar ishlab chiqaruvchi korxonalarni boshqarish uchun tashkil etgan boshqaruvchi kompaniya — Uzauto Commercial Vehicles Management egalik qiladi.

Jizzax avtomobil zavodi 2021 yilda Volkswagen tijoriy avtomobillarini ishlab chiqarish bo‘yicha ikkinchi loyihani amalga oshirishni rejalashtirmoqda.

Loyihaviy quvvati yiliga 20 mingta avtomobilni, sarmoya hajmi — 1,44 trln so‘mni tashkil etadi. 500 ta yangi ish o‘rnini ochish rejalashtirilmoqda.

Iyul oyi oxirida O‘zbekistonda birinchi Volkswagen dilerlik markazi ochilib, yengil Caddy tijoriy avtomobillarini sotish boshlangan edi.

O‘shanda «Folksvagen Grup Rus» bosh direktori Markus Ozegovich Volkswagen Group yaqin vaqtlarda hamkorlikning navbatdagi bosqichiga o‘tishini ma’lum qilgan edi.

«Biz avtomobillarimizni dunyoning turli mamlakatlarida sotamiz. Biroq ularni ishlab chiqaradigan mamlakatlar soni kamroq. Va men O‘zbekiston shu kuzning o‘zidayoq bizning ishlab chiqaruvchi davlatlar ro‘yxatimizga kirayotganidan baxtiyorman», — degan edi u.

Taqdimotga ko‘ra, uchta loyihaga 99,5 mln dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilinadi. Mahsulot ishlab chiqarish hajmi 22,2 trln so‘mni, byudjetga tushumlar — 2,5 trln so‘m, eksport — 237 mln dollarni tashkil etishi mumkin.

Buning uchun «Jizzax» EIZga zarur infratuzilmalar qurilishi uchun 80 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilmoqda.

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Moskvaning bir qator universitetlari bilan hamkorlikda xususiy universitet qurilayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, yoshlarning takliflariga asoslanib, avtomobil sanoati rivojlanib borayotgan Jizzaxda Jizzax politexnika instituti bilan hamkorlikda Toshkentdagi Turin politexnika universitetining fakultetini ochish rejalashtirilmoqda.

Avvalroq O‘zbekistondagi bir qator kompaniyalar 2021−2023 yillarda yengil avtomobillar, pikaplar, yuk mashinalari, minivenlar va boshqa avtolarni ishlab chiqarish hamda yig‘ishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirayotgani haqida yozgan edik.