22 fevral kuni Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan transport vaziri lavozimiga ma’qullangan Ilhom Mahkamov Uzbekistan Airways kompaniyasi boshqaruv raisi etib tayinlandi. «Gazeta.uz»ning hukumatdagi manbasi xabar berishicha, u ikkita lavozimni birlashtiradi.

Ilhom Mahkamov (1979 yilda tug‘ilgan, Toshkent avtomobil yo‘llari instituti hamda prezident huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasini tamomlagan) 2020 yilning oktyabridan boshlab transport vaziri vazifasini bajaruvchi sifatida ishlab kelayotgan edi. Mahkamov unga qadar vazirning birinchi o‘rinbosari bo‘lgan.

2018 yilning yanvaridan boshlab Uzbekistan Airports kompaniyasiga Bahtiyor Hakimov rahbarlik qilayotgan edi.

Foto: s7space.ru.

Uzbekistan Airports kompaniyasi boshqaruv raisi etib Ra’no Frunzevna Jo‘rayeva tayinlandi. Dushanba kuni bosh vazir Abdulla Aripov uni kompaniya rahbari sifatida tanishtirgan, deya tasdiqladi «Gazeta.uz»ning Vazirlar Mahkamasidagi manbasi.

Bunga qadar Ra’no Jo‘rayeva 2019 yilning 31 martidan boshlab «S 7 Kosmik Transport Tizimlar» (S7 Space) MCHJning bosh direktori lavozimida ishlagan.

U S7 Group aviatsiya-kosmik xoldingiga qadar, «Roskosmos»ning «Yer usti kosmik infratuzilmasi ob’ektlarini ekspluatatsiya qilish markazi»ni [SENKI] boshqargan. Unga qadar esa transport sohasi loyihalarini rivojlantirish, qolaversa, «Airport Management Company Ltd» biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor sifatida Domodedovo aeroport kompleksini rivojlantirishga doir loyihalari bilan shug‘ullangan.