O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 fevral kuni Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida nutq so‘zlab, koronavirus pandemiyasi hamda aholini emlash masalasiga to‘xtalib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Koronavirus paytida qiynaldik. Lekin men 2020 yil 15 mart kuni aytuvdimki, shu sharoitda ishlashga, yashashga o‘rganishimiz kerak. Hudo xohlasa bunday vabodan qudratli bo‘lib chiqamiz. Hozir ham hammamizni oramizda yuribdi u. U bilan kasal bo‘lish azob. Kasal bo‘lmaganlar ilohim kasal bo‘lmasin, lekin bu azobni sezish kerak, iloji bo‘lsa oldini olib, o‘zlaringni xavfsizliklaringni ta’minlab, tibbiyot xodimlari aytgan narsalarni qilish shart, majburmiz hali», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Yevropa, Xitoy va Rossiyadagi hamkorlaridan vaksina harid qilish bo‘yicha choralarni ko‘rmoqda.

«Mana, emlash to‘g‘risida ko‘p-ko‘p gaplar bo‘lyapti. Albatta, biz ham Yevropa, Xitoy, Rossiyadagi hamkorlarimiz bilan vaksina bo‘yicha ko‘p ishlayapmiz. Hamkorlik qilib, albatta, olib kelamiz. Emlash choralarini, albatta, ko‘rayapmiz. Uni ham shoshilib qilish mumkin emas. Men hozir o‘zim har haftada 2−3 kun o‘tiraman: qaysi vaksina eng ma’quli?», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev vaksina xarid qilish uchun davlat byudjetidan 3 trillion so‘m zaxira qilib qo‘yilganini ma’lum qildi.

«Uning (vaksinaning — tahr.) eng ma’qulini topamiz. Bizning iqlimimizga mos, xalqimizga foydasi ko‘proq bo‘ladigan vaksinani sotib olamiz. Ota-bobomiz aytganidek, yetti marta emas, o‘n marta o‘lchab, bir marta kesamiz. Xalqimizning salomatligini o‘ylash men uchun eng katta masalalardan biri. Sinovlarni o‘tkazyapmiz. Qaysi sinov ma’qul bo‘lsa, pulidan qat’i nazar, xalqimizga kerakli miqdorda bu vaksinani albatta yetkazib, olib kelamiz. Hali biz karantin normalariga juda katta e’tibor berib, ziyrak bo‘lib yurishga majburmiz», — deya ta’kidladi prezident.

Avvalroq, davlat rahbari O‘zbekiston birinchi bosqichda xarid qilayotgan 1 mln vaksinadan teng yarmini Alisher Usmonov o‘z hisobidan olib berishni taklif qilayotgani haqida aytgan edi.

Bunga qadar, «Gazeta.uz» birinchi galda koronavirusga qarshi 65 yoshdan oshgan qariyalar, surunkali kasalliklari bor shaxslar, maktab o‘quvchilari, tibbiyot va huquqni muhofaza qilish organi xodimlari emlanishini ma’lum qilgandi.