Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi davomida Yangiqo‘rg‘on tumanida joylashgan BAAning «Sura General investment» korxonasi rahbari Abdulbariya Ayman bilan ham suhbatlashdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Davlat rahbari muloqot davomida tadbirkorga o‘z minnatdorchiligini bildirdi. «BAA bilan do‘stlik ko‘prigimizga juda katta hissa qo‘shganingizdan minnatdorman», — dedi prezident.

Davlat rahbari Abu Dabi Amirligi valiahdi Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayon hamda BAA bosh vazirining o‘rinbosari, prezident ishlari bo‘yicha vazir Shayx Mansur bin Zoid Ol Nahayon bilan suhbatlarda ular O‘zbekiston meva-sabzavotlariga havas bilan qarashini bildirganini qayd etdi.

Foto: korxona rahbari Abdulbariya Ayman

Shavkat Mirziyoyev investordan «Yangiqo‘rg‘onga kelib, bu bahavo joylarda ishlash, O‘zbekistondagi sharoitlar ma’qul bo‘layaptimi», — deb so‘radi.

Investor vazirlardan tortib, hokimlargacha qo‘llab-quvvatlayotganini aytib, o‘zini minnatdorchiligini bildirdi. Kelgusida nafaqat qishloq xo‘jaligi balki boshqa sohalarda ham faoliyat yuritishni niyat qilganini, buning uchun shart-sharoitlarni o‘rganayotganini aytdi. Qolaversa, BAAdan yana ko‘pchilik investorlar qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.

«Bu yerdagi o‘z tajribamdan kelib chiqqan holda, biz BAAdagi boshqa tadbirkorlarga ham buni targ‘ib qilayapmiz. May oyida investorlarning katta guruhini olib kelishni rejalashtirayapman, ular pandemiyani sal yumshashini kutayapti. Yil oxirigacha amirliklarning O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligiga investitsiyasi hajmi juda katta bo‘ladi», — dedi investor.

O‘z navbatida prezident buni nazoratga olishini aytib, qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevga u bilan muloqot qilishi lozimligini ta’kidladi. Xodjayev investor qo‘shimcha 300 gektar maydonda, keyinchalik esa yana ming gektarda bog‘ tashkil qilish niyatida ekanini qayd etdi.

Bundan tashqari, qayta ishlash, muzlatish, qadoqlab, BAAga jo‘natish reja qilinganini aytdi. Qolaversa, laboratoriya ochib, amirlik talablari bo‘yicha sertifikatlash tizimini ham yo‘lga qo‘yishini ma’lum qilgan.