Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov prezident 4−5 fevral kunlari Farg‘ona viloyatiga tashrifi asnosida viloyatdagi OTMlarga shaxsan o‘zi borganini ma’lum qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

U Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutidagi taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

«Kapital rekonstruksiya bo‘layotgan binoni ko‘rsatmoqchi bo‘lishdi, men yo‘q dedim. To‘qqiz qavatli binolaring bor ekan, o‘shaning yettinchi qavatiga chiqaringlar, dedim. Chiqdik, tarix fakulteti joylashgan ekan. Bino achinarli holatda. Joriy yoki kapital ta’mirlash umuman bo‘lmagan. Eshik, deraza, devorlar eski, mana eshikka e’tibor bering, bundan 20 yil oldingi «kolxoz»ni idorasi ham bunday emas. 9 qavatning hamma auditoriyasi shu ahvolda», — deya ta’kidladi vazir.

U, shuningdek, OTMning hisobida mablag‘i bo‘la turib, o‘z binosini ta’mirlamagani haqida gapirgan.

«100 mlrd so‘mdan ko‘p puli bor hisobida. Yangi bino qurishni orzu qilib turibdi bular. Men iqtisodchiman, taxminiy hisob-kitob qilsam, bir qavatini 120 mln so‘m bilan normal holatga olib kelsa bo‘ladi. Kamida 46 mln so‘m superkontrakt to‘lagan talaba mana shu eshikdan kiradi. Devorlarni qarang. Ularning topib olgan gapi, „Xalq ta’limidan yaqinda o‘tdi“. Uch yil bo‘lgan bizga o‘tganiga. Har yili bitta qavatdan qilsa ham bo‘lar edi», — dedi Toshqulov.

Bundan tashqari, vazir rektorlarning moliyaviy mustaqillikka ega emasligini ro‘kach qilishiga ham to‘xtalib o‘tgan.

«Biroz oldin Yoshlar ishlari agentligi direktoriga (Alisher Sa’dullayev) talaba „o‘tira olmaymiz partalarga“ deb shikoyat qilgan ekan. Haqiqatdan ham maktab o‘quvchisi o‘tirmaydigan, andozaga to‘g‘ri kelmaydigan parta, stullar. Ularni topib olgan gapi, „biz moliyaviy mustaqillikka ega emasmiz“. Asosiy smetada necha pul qo‘yib bersangiz, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi sizga tasdiqlab beradi. Yana qanaqa moliyaviy mustaqillik kerak?» — dedi OTM vaziri.

Abduqodir Toshqulovning e’tiborini kitoblarning ahvoli ham tortgani aytildi. U eng yangi kitob 1996 yilgi ekanini, axborot resurs markazi 2013 yildan buyon talab darajasida adabiyotlar bilan yangilanmagani, qariyb o‘n yil oldingi o‘quv reja va dasturlardan foydalanilayotgani ta’kidlandi. Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquqiy ta’lim kafedrasida soat 14:00 da birorta o‘qituvchi yo‘qligini aytdi.

Soliq va soliqqa tortish fanidan o‘quv-uslubiy majmua. Qo‘qon-2013 yil. Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

«Kafedra shkaflarida taxlab qo‘yilgan kurs ishlari, oraliq, yakuniy nazorat daftarlari holatini ko‘rdim. Oxirgi uch yillik turibdi, qog‘ozdan boshqa narsa yo‘q. Eng achinarlisi, birortasi tekshirilmagan. Baholar qo‘yilmagan. Lekin qaydnomalar amalga oshirilgan. Demak, bilimiga emas, holatiga qarab baholagan. Korrupsiyaviy holatlar bu yerda so‘rovlarda aniqlandi», — dedi u.

Toshqulov o‘qitish uslublari eskicha ekanini, yangi texnologiyalar bo‘yicha darslar tashkil etish bo‘yicha gap ham bo‘lishi mumkin emasligini qayd etdi.

Axborot resurs markazi. Foto: Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati.

«Abduvali Jonuzoqovich (vazirlik Oliy ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Xoliqov Abduvali Jonuzoqovich), axborot-resurs markazidagi mana bu ahvolni qarang, o‘quv jarayonini aytdim sizga. Siz shunchalik qog‘ozga ko‘milik qolgansiz-ki, buni sizni yuzingizga qaragan odam ham biladi. Oppoq bo‘lib ketgansiz. Ertadan boshlab Qo‘qonda yurasiz», — dedi lavozimga yaqinda tayinlangan vazir.

Abduqodir Toshqulov yig‘ilish natijalari bilan Qo‘qon davlat pedagogika instituti rektori Atadjanov Mamirjon Yusupovichga xayfsan berish masalasini ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq ham berdi. Shu qatorda institut prorektorlariga faoliyatlarini qayta ko‘rib chiqish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga bir oy muddat berildi.

«Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor (Xodjayeva Dilnoza Shavkatovna) 20−25 yildan beri lavozimda, fan nomzodi, dotsentlik olmagan. Ayol kishi ilmiy bo‘lim boshlig‘i, ayol kishi prorektor. Nimaga o‘zlari namuna bo‘lib, doktorlik (dissertatsiya) qilmaganlar? Nega doktorlarni olib kelib qo‘ymaysizlar shu joyga? «Chastnaya lavochka»dan (xususiy rasta — tahr.) farqi yo‘q. Hech kim, hech kimni gapirmaydi, tamom. Bugun rektorlikka nomzod deyilsa, umuman topa olmaysizlar, munosib prorektor qo‘yilmagan», — deya ta’kidladi vazir.

Moliya va iqtisodiy ishlar bo‘yicha prorektor Mahammadali Ahmedovni egallab turgan lavozimidan ozod qilish masalasi bo‘yicha topshiriq berildi.

Vazir institutning xo‘jalik-moliyaviy ahvolini qaytadan ko‘rib chiqish, qurilish tanlovlari (tender) qanday o‘tganini tekshirish bo‘yicha vazifa qo‘ydi. Uning aytishicha, «KRU unchalik e’tibor qilmayapti, Hisob palatasi ayab turibdi».