Andijon viloyatida 7 qavatli uy qurishga ruxsat olgan tadbirkorning o‘zboshimchalik bilan yana bir qavat qo‘shib qurgani aniqlandi. Bu haqda Qurilish vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Andijon shahar hokimining 2019 yil 18 oktyabrdagi qarori, shuningdek, «Izboskansut» agrofirmalari o‘rtasida 2019 yil 30 iyul kuni tuzilgan kelishuv shartnomasi va shahar hokimligi huzuridagi yer uchastkalari berish (realizatsiya qilish) masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyaning 2019 yil 23 sentyabrdagi dalolatnomasiga asosan, fuqaro B. U.ga Andijon shahar Mashrab ko‘chasida turar-joy binosiga moslab uy qurish uchun ruxsat berilgan.

Bino 400 kv.metr maydonda 7 qavatli, 24 xonadonli bo‘lishi kerak edi.

Mazkur qarorga va mutasaddi tashkilotlarning texnik shartlariga asosan Andijon viloyat qurilish Bosh boshqarmasi tomonidan 2019 yil 27 noyabrda tayyorlangan. «Andijonfuqaroloyiha» MCHJ tomonidan loyiha hujjatlari ham tayyorlanib, «SHAHARSOZLIK HUJJATLARI EKSPERTIZASI» davlat unitar korxonasi Andijon viloyati filiali tomonidan 2020 yil 20 aprelda ekspertiza xulosasi olingan.

Qayd etilgan shaharsozlik hujjatlariga tayangan holda, Andijon viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan 2020 yil 4 mayda №297-sonli ommaviy oferta rasmiylashtirilgan hamda inspeksiya tomonidan belgilangan tartibda nazorat ishlari olib borish jarayonida fuqaro B.U. tomonidan binoning yuqori qismiga shaharsozlik xujjatlarisiz noqonuniy ravishda yana qo‘shimcha 1 ta qavat qo‘shib, qurilish-montaj ishlari (8 qavatda) amalga oshirilayotganligi aniqlandi.

Noqonuniy qurilishga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha qurilish ob’ektida mas’ul buyurtmachining texnik va loyiha tashkilotining mualliflik nazorati xodimlari tomonidan hech qanday qonuniy choralar ko‘rilmagani ma’lum qilindi.

Buyurtmachi tomonidan texnik nazoratga mas’ul etib tayinlangan D.N. esa qurilish sohasi bo‘yicha ma’lumot va tajribaga ega emasligi, savdo yo‘nalishida faoliyat yuritishi aniqlangan. Shu bois hududiy inspeksiya tomonidan B.U.ga qurilish jarayonida texnik nazorat olib borish uchun ushbu sohada tajribaga ega bo‘lgan mas’ul shaxsni tayinlash bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Hozirda tadbirkor tomonidan noqonuniy amalga oshirilgan qurilish-montaj ishlari o‘z hisobidan buzilmoqda va mazkur jarayon Andijon viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan nazoratga olingan, deyiladi xabarda.