Navro‘z umumxalq bayrami, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayrami hamda Ramazon hayiti (Iyd al-Fitr) va Qurbon hayiti (Iyd al-Adha) diniy bayramlarini nishonlash davrida qo‘shimcha va ko‘chirish hisobiga ishlanmaydigan kunlar uch kundan kam bo‘lmagan muddatga belgilanadi. Ushbu tartib prezident farmoni bilan joriy etilmoqda.

Hujjat bilan shuningdek, ota-onalar, qarindoshlar, qariyalar va ustozlar bilan birgalikda sayohat qilishni nazarda tutuvchi besh ish kunidan kam bo‘lmagan “oilaviy sayohat ta’tili” tizimi joriy qilinmoqda. Bunda, “oilaviy sayohat ta’tili” yillik asosiy ta’til hisobidan taqdim etiladi va jamoaviy shartnomalarga muvofiq ish beruvchining roziligi bilan amalga oshiriladi.

Respublikaning turizm namoyishi ob’ektlarini keng targ‘ib qilish, fuqarolarni boy tabiiy, madaniy va tarixiy meros obyektlari bilan tanishtirish hamda ichki turizmni ommalashtirishga qaratilgan (tijorat maqsadlarni ko‘zlamagan) axborot ma’naviyat va ma’rifat masalalariga doir axborotga tenglashtiriladi.

1-martdan boshlab TIVning mas’ul shaxslari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi raisi, viloyat, shahar va tumanlar hokimlari ichki turizm oqimini tashkil qilish va xorijiy sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlagan taqdirda, ularga mukofot to‘lanadi. Prognoz ko‘rsatkichlari bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda esa, belgilangan tartibda intizomiy jazo choralari qo‘llaniladi.

Avvalroq, “Gazeta.uz” 1-martdan Bahrayn Qirolligi, Qatar, Quvayt, Ummon Sultonligi va XXR, shu jumladan Xitoyning Gonkong va Makao maxsus ma’muriy hududlari fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgani haqida yozgan edi.