Koreya Respublikasi O‘zbekistonning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 275 ta robot va 350 ta o‘quv qo‘llanmalarini sovg‘a qildi. Bolalarga robototexnika va dasturlash ko‘nikmalarini o‘rgatish uchun mo‘ljallangan Albert va Genibot aqlli robotlarini topshirish marosimi 9 fevral kuni bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Maktabgacha ta’lim vazirligi (MTV) matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbir MTV, KIRIA robot sanoatini rivojlantirish instituti, Koreya o‘qituvchilari uyushmasi, shuningdek, FRG Korea, Dazzle Edu, Genie Robot va SK Telecom kompaniyalari vakillari ishtirokida onlayn tarzda bo‘lib o‘tdi.

«Biz bolalar bog‘chalarida dasturlash ko‘nikmalari haqida gapirganda, kod yozishni nazarda tutmaymiz. Gap zamonaviy real hayot sharoitlarida muvaffaqiyat garovi bo‘lmish algoritmik tafakkurni rivojlantirish haqida ketmoqda. O‘yin uslubidagi robotlar ijodkorlik, mantiq, namunalarni tanib olish va optimal yechimlarni topish qobiliyatlarini rivojlantiradi», — dedi Oyatillo Rahmatillayev, MTV Axborot-pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori.

Albert va Genibot robotlari 6 yoshdan katta tarbiyalanuvchilarga mo‘ljallangan. Birinchi bosqichda bola tayyor kodlash kartalari yordamida o‘yinchoqni harakatlanishga, ko‘zini miltiratishga, gapirishga majbur qiladi. Shu tarzda u kod bloklarining qanday ishlashini tushunib oladi. Yoshi kattaroq bolalar robotni smartfonga ulab, o‘z buyruqlari va algoritmlarini yaratishlari mumkin.

Robotlar butun O‘zbekiston bo‘ylab 53 ta bolalar bog‘chalarida tarqatiladi. O‘qituvchilarni joylarda o‘qitish va pilot loyiha natijalarini monitoring qilish XTV huzuridagi Innovatsiya markazi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar loyiha muvaffaqiyatli yakunlansa, XTV ko‘proq bolalar bog‘chalarini aqlli robotlar bilan ta’minlashni va nogiron bolalar uchun dastur bilan ularning funksiyalarini to‘ldirishni rejalashtirmoqda.

Robotlarga asoslangan o‘quv dasturi Janubiy Koreyada yaxshi natijalarni ko‘rsatgan, deb ta’kidlaydi XTV. Hukumat ko‘magi bilan u yerda 140 ta o‘quv xonasi ochilib, mamlakat bo‘ylab mingdan ziyod o‘quvchini qamrab oldi. Fransiya, Ispaniya, Kosta-Rika va Perudagi maktablar va bolalar bog‘chalari shu kabi sinov dasturlarini boshladi.