Xalq deputatlari Quva tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Halimjon Umarov Quva tumani hokimi etib tayinlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

U shu paytga qadar viloyat hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida faoliyat yuritgan.

Halimjon Umarov 1967 yilda tug‘ilgan. 2006−2018-yillar Toshloq, 2018−2019 yillar Quva tumani hokimi bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasida prezident Shavkat Mirziyoyev Quva tumani rahbariyatini ishdan olgan edi.