Hozir prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

«Gazeta.uz» muhbirining xabar berishicha, prezident viloyatdagi ijro hokimiyati vakillari va deputatlarning faoliyatiga to‘xtalgan.

«Farg‘ona viloyatidagi tuman hokimlarining ayrimlari aravani tortmayapti, ular xizmat vazifasiga sidqidildan yondashmayapti», — dedi davlat rahbari.

«Prezident vakiliman, degan har bir amaldor xalq manfaati, aholi muammolariga yelkadosh bo‘lishi zarur. Eng katta tashvishim — quyi bo‘g‘indagi hokimlar, sektor rahbarlari, tashkilot amaldorlari mas’uliyat bilan ishlamayapti, mas’uliyatni his qilmayapti. „Bizga bo‘laveradi, muammoni tuman, viloyat hokimi hal qiladi“, degan fikrda kun o‘tkazishmoqda. Ular birlashib, muammolarni sifat jihatdan hal qilishmaydi», — deya ta’kidlagan Shavkat Mirziyoyev.

Deputatlar faoliyatiga ham e’tibor qaratgan prezident, ularning ijro hokimiyatidan yetarlicha talab qilmasligini aytib o‘tdi.

«Har bir deputat „Deputat degan maqomga munosibmanmi?“, degan adolatli savolni o‘ziga berishi kerak. Bir yilda nechta savol berdim? Afsuski, u savollarga ijobiy javob yo‘q. Mudrab o‘tiradigan vaqt o‘tdi. Deputatlar talab qilmayapsizlar. Deputat degani — xalq ovozi, xalq dardi, degani. Ijro hokimiyatidan farg‘onacha emas, sal achchiqroq talab qilishlaringiz zarur», — dedi prezident.