Bu haqda 2 fevral kuni Afg‘oniston, Pokiston va O‘zbekiston davlatlari o‘rtasida o‘tkazilgan uch tomonlama uchrashuvda ma’lum qilindi.

Xalqaro moliyaviy tashkilotlar hamda yuqori lavozimdagi davlat vakillari ishtirokida o‘tgan uchrashuvda temir yo‘l qurilishi bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi.

Ushbu 573 kmlik temir yo‘l Toshkent shahrini Kobul orqali Pokiston shimolidagi Peshavar bilan bog‘laydi.

Oldinroq, ushbu temir yo‘l qurilishini moliyashtirish uchun O‘zbekiston, Afg‘oniston va Pokiston rahbarlari nomidan qo‘shma murojaat asosida AQSH Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasining va boshqa xalqaro moliya institutlari mablag‘lari jalb etilishi haqida xabar berilgan edi.

Anadolu agentligining ma’lumotiga ko‘ra, jalb qilinadigan umumiy kreditlar mablag‘i 4,8 mlrd dollarni tashkil qiladi.

Loyiha uchun tegishli hujjatlarni tayyorlash 2021 yil iyungacha yakunlanadi. Temir yo‘l qurilishi kelasi yilning sentyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan.