5 fevral kuni Oliy Majlis Senati 12-yalpi majlisini chaqiradi. Bunga 1 fevral kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisida qaror qilindi, deya xabar berdi Oliy Majlis Senatining matbuot xizmati.

Majlis videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tadi. Unda «Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, «Auditorlik faoliyati to‘g‘risida"gi, «Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi, «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida"gi, «Xalqlar do‘stligi kunini belgilash to‘g‘risida"gi qonunlar muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, 2017 — 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturining 2020 yildagi ijrosi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hisoboti, qolaversa, Boyovut, Bo‘ston, Olot, To‘raqo‘rg‘on, Qarshi tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahrini 2020−2022 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari dasturlarining ijrosini o‘rganish natijalari muhokama qilinishi nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, ilmiy faoliyatni rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar, mamlakatda toshqinlar, sel oqimlari, ko‘chki xavfi mavjud tog‘ va tog‘oldi hududlarida joylashgan aholi punktlari hamda iqtisodiy ob’ektlar xavfsizligini ta’minlashga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari hamda boshqa masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilgan.