Ijtimoiy tarmoqlarda Xalq deputatlari Bo‘stonliq tumani kengashining sobiq deputati Qobul Do‘sovning YPX xodimlari bilan janjallashayotgani aks etgan videoyozuv tarqaldi. Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati mazkur holat yuzasidan izoh berdi.

Qayd etilishicha, 26 yanvar kuni soat 23.30 da YPX inspektori serjant J. To‘raboyev Yashnobod tumanidagi Mirzo-Ulug‘bek va Sultonali Mashxadiy ko‘chalari kesishmasida xizmat olib borishi davomida jezl va hushtak bilan Captiva rusumli avtomobil (davlat raqami 10 B 878 OA) haydovchisiga to‘xtash haqida ishora bergan. Ammo haydovchi ichki ishlar xodimining qonuniy talabini mensimasdan harakatni davom ettirgan.

«Avtomobil tez orada Mirzo Ulug‘bek va Mahtumquli ko‘chalari kesishmasida to‘xtatildi. Avtomobilni boshqarib borgan 36 yoshli Toshkent viloyatilik Qobul D. inspektorga transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjatlarni taqdim qila olmagan. Yo‘lovchi sifatida avtomobilda transport vositasi egasi — 42 yoshli Toshkent viloyatilik Feruza B. ham bor edi. Haydovchi va yo‘lovchi YHXB YPX inspektorlari bilan janjal boshlab, o‘z xizmat faoliyati va egallab turgan lavozimlaridan kelib chiqqan holda ularga nisbatan qonuniy chora ko‘rmaslikni talab qilishgan», — deyiladi xabarda.

Muloqot davomida yo‘l-patrul xizmati haydovchi spirtli ichimlik ta’siri ostida ekanligidan shubhalanib, uni ekspertizaga borishni taklif qilgan. Haydovchi avval bosh tortib, keyin tekshiruvdan o‘tishga rozi bo‘ldi. Alkotestor haydovchi tomonidan chiqarilgan nafasda 0,660 mg/l alkogol konsentratsiyasi borligini aniqlagan.

Qobul Do‘sovga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131 moddasi birinchi qismi («Transport vositalarini mast holda boshqarish») bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Feruza B.ga nisbatan esa Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131 moddasi uchinchi qismi («Alkogolli ichimlikdan, giyovand modda ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mast shaxsga transport vositasini boshqarishni topshirish») bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.