Qirg‘izistonning yangi saylangan prezidenti Sadir Japarov BBC agentligiga bergan intervyusida prezidentligi davomida avtoritar hokimiyat o‘rnatmoqchi emasligini aytib, O‘zbekiston misolini keltirdi.

«Bu har bir odamning o‘ziga bog‘liq bo‘ladi. Menda avtoritar boshqaruvni o‘rnatish niyati yo‘q. O‘rnatmaymiz. Bunga kuchimiz ham, irodamiz ham yetadi. Buni vaqt ham ko‘rsatadi. Kuchimiz qonun ustuvorligi va adolat diktaturasini o‘rnatishga yetadi. Xudo xohlasa, o‘rnatamiz», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Japarov bunga misol keltirishini aytib, O‘zbekistonni tilga oldi.

«Qo‘shni O‘zbekistonni oling, Karimov davrida kuchli diktatura edi. Uni butun dunyo bilardi, qo‘shni davlatlar va biz ham bilganmiz. Shavkat Mirziyoyev kelgach, diktaturani olib tashlab, dunyoga eshigini ochdi. Eshigini ochgandan keyin hozir qanday o‘zgarishlar bo‘lyapti?! Agar diktaturani o‘rnataman desa, Islom Karimovning diktaturasini davom ettirib ketsa bo‘lar edi. Ammo davom ettirmadi-ku. Bu har bir odamning o‘ziga bog‘liq», — dedi u.

«Bo‘lmasa, Islom Karimov bilan ishlagan, birga boshqargan. U kishi vafot etgandan keyin hokimiyat qolgach, barcha diktaturani yo‘q qilib, dunyoga eshigini ochdi. Qo‘shni davlatlar va uzoqdagi mamlakatlar bilan birga ishlab, hozir investitsiya kirib, misli ko‘rilmagan darajada iqtisodiy o‘sish bo‘lyapti. Xalqning turmushi ham farovonlashyapti», — dedi Qirg‘iziston prezidenti.

Sadir Japarov «hammasi odamning o‘ziga bog‘liqligini» ta’kidladi. «Agar mening ham diktatura o‘rnatgim kelsa, o‘z qo‘limda-da. Bu qonunlar qanday yozilishi, bosh qomusning qanday yozilishiga bog‘liq emas. O‘rnataman desang, o‘rnataverasan. Ammo biz bunday qilmoqchi emasmiz. Sababi hech kim benuqson emas. Bizning ham zamonimiz o‘tadi. Besh yil, o‘n yildan keyin o‘tadimi, bizning ham vaqtimiz tugaydi», — deya yakunladi fikrini prezident.

Sadir Japarov yanvar oyining boshida bo‘lib o‘tgan saylovlarda 79 foiz ovoz bilan Qirg‘iziston prezidenti etib saylangandi.

Qirg‘izistondagi prezidentlik saylovlari avvalgi davlat rahbari Sooronbay Jeenbekov 2020 yil oktyabr oyida iste’foga chiqqandan so‘ng e’lon qilindi. Bu parlament saylovlari natijalari e’lon qilingandan keyin paydo bo‘lgan noroziliklar natijasida sodir bo‘ldi.

Namoyishlar paytida Sadir Japarov tartibsizliklarni uyushtirganlik va garovga olganlikda ayblanib koloniyada 10 yillik qamoq jazosini o‘tamoqda edi. Uning o‘zi ayblovlarni siyosiy sabab deb atagan. Uni namoyishchilar ozod qilgan va ertasi kuni parlament uni bosh vazir lavozimiga nomzod sifatida tasdiqlagan.