27 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyev asosiy e’tiborni qishloq xo‘jaligi uchun yer ajratish orqali yoshlarni ish bilan ta’minlash masalasiga to‘xtaldi, deya xabar beradi «Gazeta.uz» muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev bosh vazir o‘rinbosari Shuhrat G‘aniyevga yoshlarni qishloq xo‘jaligiga jalb qilish tartibini, har 10 gektar ekiladigan yerning 1 gektarini yoshlarga ajratishni buyurdi. Prezident buni «inqilobiy qaror» deb atadi.

«Har bir fermer 2 gektardan yerini yarim gektardan qilib, 4 nafar yoshlarga bo‘lib bersin. Ular bu yerga istagan ekinini eksin, hech kim aralashmaydi», — dedi prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili fermerlik uchun yer olish bo‘yicha murojaat qilgan 14 ming yoshdan atigi 3000 nafariga yer uchastkasi berilgan.