Iroq poytaxti Bog‘dodda sodir etilgan portlashda halok bo‘lganlar soni eng kamida 32 nafar, jarohatlangan esa 110 nafarga yetdi. Bu haqda RIA Novosti xabar qilmoqda.

Politsiya tomonidan e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, Tayaran maydonida barpo etilgan bozorda ketma-ket ikkita portlash sodir etilgan. Iroq qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni matbuot kotibining ma’lum qilishicha, hujum ikki nafar xudkush terrorchi xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan tekshirilayotgan vaqtda o‘zlarini portlatib yuborgan.

CNN ma’lumotlariga ko‘ra, hujum qilganlarning biri o‘zini yomon his etayotgandek ko‘rsatib, atrofida odamlar yig‘ilishini kutgan. Ikkinchisi esa hodisa joyiga mototsiklda kelib, o‘ziga o‘rnatilgan portlovchi uskunani harakatga keltirgan.

Hozircha hodisa uchun javobgarlikni hech qaysi terroristik guruh o‘z bo‘yniga olgani yo‘q.