Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani Payshanba shaharchasida «Shavkat Miromonovich Mirziyoyev» oilaviy korxonasi faoliyat yuritadi, deya xabar berdi Daryo.

Korxona va tashkilotlarning yagona davlat registriga ko‘ra, korxona 2020 yil 14 fevral kuni Davlat xizmatlari markazi tomonidan ro‘yxatga olingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, ustav fondi 1000 so‘mni tashkil etadi. Korxonaning 50 foizi ulushi Shoxruz Toshpo‘latovga, qolgan 50 foizi Abdulla Toshevga tegishli bo‘lib, asosiy faoliyat turi — ovqatlanishni tashkil qilishning boshqa turlari deb ko‘rsatilgan.


Korxona rahbari Abdulla Toshevning ma’lum qilishicha, hozirda korxona huzuridagi tashkil etilgan oshxona va paynet shoxobchasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, korxona aviakassa, ya’ni turizm xizmatlarini ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanadi. Biroq pandemiya davrida bu yo‘nalishdagi ishlar vaqtincha to‘xtab qolgan.

Abdulla Toshevning ta’kidlashicha, u va uning ish bo‘yicha sheriklari prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosatdan quvonib, korxonaga uning nomini qo‘ygan.

«Bu nomni berishdan oldin tumanimizning sobiq hokimi, rahmatli A’zamxon aka Bahromovdan maslahat so‘raganimda, ular fikrimga qo‘shilib, qo‘llab-quvvatlagan», — deya qo‘shimcha qildi Abdulla Toshev. Uning ta’kidlashicha, korxonani «Shavkat Miromonovich Mirziyoyev» nomi bilan ro‘yxatdan o‘tkazishda davlat organlari tomonidan hech qanday e’tiroz yoki qarshilik bo‘lmagan.

«Ammo korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilganidan so‘ng bu nom ko‘pchilikda qiziqish uyg‘otgan, turli savol va iliq fikrlar bildirilgan. Korxona nomini bannerlarga yozib, reklama sifatida biror joyga ilib qo‘ymaganmiz», — dedi «Shavkat Miromonovich Mirziyoyev» oilaviy korxonasi rahbari.

Shuningdek, avvalroq 2020 yil iyunida Surxondaryoda «Voy Mani Okahonlarim» nomli, yirik shoxli qoramollarning sut beradigan zotlarini ko‘paytirish bilan shug‘ullanuvchi oilaviy korxona ro‘yxatdan o‘tkazilgan edi. Keyinchalik korxona nomi «Akbar Ali Adolat» deb o‘zgartirilgan.

2020 yil mayida esa Jizzax viloyatida «Vapshe malades bala» nomli, keng assortimentdagi tovarlar ulgurji savdosi bo‘yicha agentlar faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Bundan avval, 2019 yil avgustida Toshkentda «Lyubaya biznes xorosha» nomli mas’uliyati cheklangan jamiyat tashkil etilgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, korxona maishiy elektr tovarlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanadi.