Numbeo saytida e’lon qilingan 2021 yilgi xalqaro jinoyatchilik darajasi indeksida O‘zbekiston xavfsizlik bo‘yicha 40-o‘rinni egalladi. 2020 yil yarim yilligi bo‘yicha hisobotda O‘zbekiston 26-o‘rinda edi.

Reyting Crime Index — jinoyatlar indeksi va Safety Index — xavfsizlik indekslari asosida tuziladi. Jinoyatlar indeksida pastroq ball olgan mamlakat shunchalik xavfsiz hisoblanadi.

O‘zbekiston ushbu indeks bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida eng xavfsiz mamlakat bo‘ldi. Numbeo ma’lumotlariga ko‘ra, reytingda O‘zbekiston xavfsizlik borasida Litva va Kuvaytdan ortda, Vengriya va Germaniyadan oldinda.

Jinoyat eng ko‘p sodir bo‘ladigan mamlakat sifatida Venesuela tan olingan bo‘lib, ushbu reytingda birinchi turibdi. Shuningdek, jinoyatchilik yuqori bo‘lgan davlatlar beshtaligiga, Papua-Yangi Gvineya (80,24), JAR (77,07), Afg‘onistan (76,37) va Gonduras (74,78) davlatlari kirdi.

Eng xavfsiz mamlakatlar deb esa Qatar, Tayvan va BAA tan olindi.