Shavkat Mirziyoyev Chilonzor tumanida ishga tushirilgan «Gold Moon Tashkent» MCHJ faoliyati bilan tanishdi. U Sobiq «FONON» ilmiy-ishlab chiqarish korxonasi negizida ochilgan.

Qiymati qariyb 21 mln dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida yiliga 6 tonna zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvati tashkil etilgan. Italiya, Germaniya va Turkiyadan zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatilgan.

Ishga 200 dan ortiq mohir zargar jalb qilingan hamda ularga italiyalik dizayner va texnik xodimlar o‘z mahorat va tajribalarini o‘rgatmoqda.

«Zargarlik xalqimizda azaldan bo‘lgan, bugun ham bor. Bizning maqsadimiz — yoshlarni zamonaviy texnologiyalar va dizaynga o‘rgatib, kamida 10 ming nafar yigit-qizni ish bilan ta’minlash, O‘zbekiston milliy brendini jahon bozoriga chiqarish. Yurtimizda xomashyo, qo‘li gul hunarmandlar bor. Bu soha milliy an’analarni tiklash, o‘zligimizni anglash nuqtai nazaridan ham katta poydevor», — dedi prezident.

Shirkat mahsulotlarning 15 foizini Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Afg‘oniston va boshqa davlatlarga eksport qilish rejalashtirilgan.