Jahon bankining prognozlariga ko‘ra, O‘zbekiston YAIM 2021 yil 4,3%ga, 2022 yilda 4,5% ga o‘sishi kutilmoqda. Bu haqda Jahon bankining «Jahon iqtisodiyoti istiqbollari» hisobotida aytilgan.

Bank baholariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston YAIMning o‘sishi 0,6%ni tashkil etgan. Oktyabr oyida JB 2020 yilda 0,4%dan 0,8%gacha, 2021 yilda esa 4,8%dan 5%gacha bo‘lishini prognoz qilgan edi.

Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiy o‘sish suratlari 3%gacha yetishi taxmin qilingan. Bunga xom-ashyo narxlarining va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining biroz oshishi sabab bo‘ladi. Bunda subregionning Xitoy taklif etgan «Bir makon — bir yo‘l» tashabbusini amalga oshirishda faollashishi inobatga olinadi.

Mutaxassislar mintaqadiga vaziyat salbiy tusda rivojlanishi xavfi mavjudligini ham ta’kidlashgan.

«Mintaqadagi iqtisodiy o‘sishning bevosita istiqbollariga so‘nggi paytlarda ba’zi mamlakatlarda ijtimoiy notinchlikka, shuningdek, geosiyosiy ziddiyatlarning kuchayish xavfiga sabab bo‘lgan COVID-19 bilan kasallanishning ko‘payishi bo‘yicha noaniqlik xavf soladi», — deyiladi hisobotda.

COVID-19 bilan kasallanish holatlarining ko‘payishi cheklovlar qat’iylashtirilishiga va uy xo‘jaliklari hamda kompaniyalar tomonidan keskin reaksiya kelib chiqishiga sababchi bo‘lishi mumkin, deyiladi JB hisobotida.

Global istiqbollar

Jahon banki global iqtisodiyot pandemiya kelib chiqargan inqirozdan keyin 2021 yilda 4%ga o‘sishini prognoz qildi. Mutaxassislarning fikricha, virus tarqalishining kuchayishi, vaksinalar tadbiq etilishi kechikishi, pandemiyaning ehtimoliy o‘sishga jiddiyroq ta’siri va moliyaviy sohadagi tanglik salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar baholariga ko‘ra, AQSH YAIM 2021 yilda 3.5% ga o‘sishi kutilmoqda. Yevro hududidagi ishlab chiqarish hajmi 2020 yilda 7,4 foizga pasayganidan so‘ng, 2021 yilda 3,6 foizga o‘sishi kutilmoqda. O‘tgan yili 5,3 foizga pasayish kuzatilgan Yaponiyada iqtisodiy faollik 2021 yilda 2,5 foizga o‘sishi kutilmoqda.

Shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarning, shu jumladan Xitoyning yalpi ichki mahsuloti, 2020 yilda 2,6%ga qisqargandan so‘ng, 2021 yilda 5 foizga o‘sishi kutilmoqda. O‘tgan yili 2 foiz o‘sgan Xitoy iqtisodiyoti bu yil 7,9 foizga o‘sishi taxmin qilingan.

Xitoyni hisobga olmaganda, shakllanayotgan bozor va rivojlanayotgan mamlakatlarning iqtisodiy o‘sishi 2020 yilda 5 foizga qisqargandan so‘ng, 2021 yilda 3,4 foizga o‘sishi kutilmoqda. Kam daromadli mamlakatlarda iqtisodiy faollik 2021 yilda 3,3 foizga o‘sishi prognoz qilingan, 2020 yilda bu ko‘rsatkich 0,9 foizga pasaygan.