Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘larida Yangi yil bayramlari munosabati bilan dam olishga ketayotganlarning katta oqimi kuzatilmoqda. Tog‘larga ko‘tarilishda ko‘plab avtomobillar to‘planib, katta tirbandlikni yuzaga keltirgan, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» o‘quvchilari.

IIV YHXBB axborot xizmati ma’lum qilishicha, 2 yanvar kuni soat 10:00ga qadar Bo‘stonliqdagi tog‘li hududlarda joylashgan dam olish maskanlari avtoturargohlari avtomobillar bilan to‘lgan.


Foto: YHXBB

Ushbu avtomobil yo‘lining o‘tkazuvchanlik qobiliyatini, tog‘li hududlarda avtomobillar harakatlanishi murakkabligini hisobga olib, xavfli holatlar oldini olish maqsadida «4R-12» avtomobil yo‘lining 61-kilometrida vaqti-vaqti bilan transport vositalarining harakati cheklanmoqda.

YHXBB fuqarolardan ushbu amalga oshirilayotgan ishlar tog‘li yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash va YTHlarining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotganligini tushunishlarini so‘ragan.