Prezident Shavkat Mirziyoyev 23 dekabr kuni investitsiyalar va tashqi savdo sohasidagi ishlar natijadorligi hamda 2021 yilga mo‘ljallangan asosiy vazifalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani, ayniqsa, eksport va investitsiya jarayonlarida turli qiyinchiliklar yuzaga kelgani ta’kidlandi. Shunga qaramasdan, 2019 yilda 6,5 mlrd dollar, bu yili 6,6 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya jalb qilingani va bu ijobiy ko‘rsatkich ekani qayd etildi. Joriy yilda eksport hajmi 15 mlrd dollarni tashkil etishi kutilayotgani aytildi.

Davlat rahbari xalqaro moliya institutlaridan olingan qarzlar natijalariga e’tibor qaratib, qarz yo‘naltirilgan tarmoq rahbarlar mas’uliyat va javobgarlikni sezmayotganini qayd etdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«Moliya institutlarimizdan olgan hamma qarzlarimizni iqtisod nuqtai nazaridan, pirovard maqsad nuqtai nazardan natijalari nima bo‘ladi? Ikkinchidan, qarz oluvchi tarmoq rahbarlari qarorlarda belgilangan mas’uliyat va javobgarligini sezayaptimi, yo‘qmi? Man o‘ylaymanki, hali yo‘q. Loyihalarni ichidagi tannarxni kamaytirish, mahalliylashtirish bo‘yicha nima qilish kerak? Investitsiyani har bir so‘mi, avvalambor, raqobatbardosh mahsulot chiqarish uchun, pirovard maqsad — eksportni ta’minlash uchun. 2021 yilga 7,5 mlrd dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyani o‘zlashtirish rejasini qo‘ymoqdamiz. Sanoatimizni rivojlantirish uchun, muddatda bajarish uchun nima qilishimiz kerak?» — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda davlat rahbariga taqdimot qilinishicha, kelgusi yilda 249,8 trln so‘mlik investitsiyalarni o‘zlashtirish ko‘zda tutilmoqda. Shundan, 7,5 mlrd dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, 2,9 mlrd dollari davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar, 239 mln dollar O‘TTJ mablag‘lari, 57,6 tlrn so‘m korxonalarning o‘z mablag‘lari, 39,9 trln so‘m tijorat banklari kreditlari, 17,2 trln so‘m byudjet mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Davlatlar kesimida investitsiyalarning umumiy hajmiga nisbatan eng ko‘pi — Xitoy (18,2 foiz) va Turkiyaga (14,1 foiz) to‘g‘ri kelmoqda. Shuningdek, Germaniya (9,5 foiz), Rossiya (7,5 foiz), AQSH (7,4 foiz), BAA (4,4 foiz), Janubiy Koreya (4,3 foiz) va Fransiyaga (2,1 foiz) to‘g‘ri kelmoqda.

Jahon banki — 546,7 mln dollar, Osiyo taraqqiyot banki — 686,1 mln dollar, YeTTB — 154,3 mln dollar, JICA — 204 mln dollar, Islom taraqqiyot banki — 114,6 mln dollar davlat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar jalb qilinishi rejalashtirilgan.

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Savdor Umurzoqov taqdimot qilmoqda. Foto: Prezident matbuot xizmati.

2021 yilda 7,5 mlrd dollarlik investitsiyalar 226 ta yirik loyihani amalga oshirishga yo‘naltiriladi va natijada 34 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi prognoz qilingan.

Shu bois 1 yanvardan boshlab, xalqaro moliya institutlari kredit mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladigan loyihalar bo‘yicha yangi tizim joriy etish, har bir loyihada belgilangan mablag‘larni samarali o‘zlashtirish va natijadorligini ta’minlash maqsadida «Loyiha ofislari» rahbar va xodimlari malakasini oshirish va ularni o‘qitish muhimligi ta’kidlandi.

Kelgusi yili eksport hajmi 17 milliard dollar atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga eksport shartnomalarini hozirdanoq tuzish, 1 yanvardan Eksportni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan eksportoldi moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.