19 dekabr kuni soat 06:50 da is gazidan zaharlangan 13 nafar o‘smir Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qashqadaryo filialiga keltirildi. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi xabar berdi.

Aniqlanishicha, mazkur hodisa Qarshi shahridagi xususiy o‘quv markazlaridan biriga tegishli yotoqxonada gaz bilan ishlaydigan isitish qozonidagi nosozlik tufayli sodir bo‘lgan.

O‘smirlarning (hammasi o‘g‘il bola) eng kichigi 11, eng kattasi 14 yoshda. Ularning 3 nafari og‘ir, 5 nafari o‘rta og‘ir holda shifoxonaga keltirilgan bo‘lsa, qolganlariga ambulator sharoitda tibbiy yordam berilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy xizmatdan keyin ularning barchasining ahvoli yaxshilangan, deyiladi xabarda.

Bosh prokuratura xabariga ko‘ra, hozirda mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.