AQSHda COVID-19 vaksinasini ishlab chiqaruvchilar nojo‘ya ta’sirlar uchun javobgarlikdan ozod qilindi

Pfizer va Moderna kabi COVID-19 vaksinalarini ishlab chiqaradigan farmatsevtika kompaniyalari ishlab chiqarilgan dori-darmonlarni sinovdan o‘tkazgan ko‘ngillilarda jiddiy nojo‘ya ta’sirlar yuz berganda javobgarlikka tortilmaydi. Shu bilan birga, AQSH fuqarolari mamlakat oziq-ovqat va farmatsevtika vositalarining sanitariya nazorati idorasi ustidan shikoyat qila olmaydi. Bundan tashqari, ular COVID-19 ga qarshi emlashning majburiy talabi bilan bog‘liq ravishda ish beruvchiga shikoyat qila olmaydi. Biroq AQSH Kongressi emlashlar tufayli fuqarolarning sog‘lig‘iga zarar yetkazish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun maxsus fond yaratdi. Ta’kidlanishicha, bunday mablag‘lardan foydalanish qiyinligi ko‘rsatilgan. — CNBC.

Shvetsiya qiroli karantinsiz koronavirusga qarshi kurashishda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi

Shvetsiya qiroli Karl XVI Gustaf karantindan voz kechishni nazarda tutadigan koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha milliy strategiyaning barbod bo‘lganligini tan oldi. «Bizda juda ko‘p o‘lim bor va bu dahshatli», dedi u. Qirolning ta’kidlashicha, Shvetsiya fuqarolari juda ko‘p azob chekishgan, ko‘pchilik vafot etgan oila a’zolari bilan xayrlasha olmagan, bu mamlakat uchun qiyin va og‘riqli tajriba bo‘ladi. Qirolning o‘zi COVID-19 bilan kasallanishdan qo‘rqadimi, degan savolga, u «So‘nggi paytlarda infeksiyaning muqarrarligi aniq ko‘rinib turibdi», deya javob berdi. — SVT Nyheter.

Singapurda yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda COVID-19ga qarshi antitanachalar topildi

Singapurda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, homiladorlik paytida koronavirus bilan kasallangan ayollarning bolalari COVID-19ga qarshi antitanachalar bilan tug‘ilishdi. Ushbu antitanachalarning yashash muddati va infeksiyadan himoya qilish-qilmasligi hozircha aniq emas. Singapurdagi tadqiqotda 16 nafar ayol qatnashdi. Hozircha har bir holatda virus bolaga yuqmagan. Aksariyat ayollar ushbu kasallikni oson shaklda o‘tkazishgan, faqat og‘ir vaznli ayollarda og‘ir holatlar kuzatilgan. Tadqiqot nashr etilgunga qadar, besh ayol go‘dagini dunyoga keltirdi, chaqaloqlarning hammasida antitanachalar bor edi. Ikki ayol o‘z farzandlaridan ayrildi. Avvalroq, Singapurda mart oyida koronavirus bilan kasallangan ayolning noyabr oyida tug‘ilgan chaqaloqda antitanachalar aniqlangan, bolada esa kasallik aniqlanmagan edi. — Reuters.

Coca-Cola 2200 ish joyini qisqartiradi

Alkogolsiz ichimliklar ishlab chiqaruvchi Coca-Cola kompaniyasi pandemiya sharoitida dunyo bo‘ylab 2200 ish joyini qisqartirishi haqida e’lon qildi. AQSHning o‘zida 1200 ish joyi qisqaradi, bu esa mamlakatdagi barcha ishchilarining taxminan 12 foizini tashkil etadi. Yil boshida kompaniyaning 86 mingga yaqin xodimi bor edi. Kompaniyaning dunyo bo‘ylab ichimliklari sotiladigan restoran, bar, kinoteatr va stadionlarning yopilishi bilan kompaniya xarajatlar va ishlab chiqarish hajmlarini kamaytirishga majbur bo‘ldi. Ishdan bo‘shatish jarayoni ham ixtiyoriy, ham majburiy shaklda amalga oshiriladi. Coca-Cola vakili ta’kidlaganidek, ish o‘rinlarini qisqartirish yiliga 350 mlndan 550 mln dollargacha tejash imkonini beradi. — CNN.

Xakerlar AQSH Energetika vazirligi va Yadro xavfsizligi ma’muriyatiga hujum qilishdi

Chet el xakerlari, boshqa federal agentliklar qatorida, AQSH Energetika vazirligi va AQSH Milliy yadro xavfsizligi ma’muriyati tizimlariga kirish huquqiga ega bo‘ldilar. Federal tergovchilar xakerlar qanday ma’lumotlarni o‘g‘irlashga muvaffaq bo‘lganligini aniqlashmoqda. «Ayni paytda tergov shuni ko‘rsatdiki, zararli dastur biznes tarmoqlaridan ajratilgan va milliy xavfsizlikning muhim funksiyalariga ta’sir qilmagan, shu jumladan AQSH Milliy yadro xavfsizligi ma’muriyatiga ham», — deydi Energetika vazirligi vakili Sheylin Hayns. Dekabr boshida xakerlar Pentagon va Davlat departamentiga hujum qilishgan edi. — Politico.

Qozog‘istonda kelasi haftada Rossiya bilan birgalikda COVID-19 ga qarshi vaksinalar ishlab chiqarilishi boshlanadi.

Kelgusi haftada Qozog‘istonda Rossiya bilan birga koronavirusga qarshi, shu jumladan eksport uchun vaksinalarning ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. «Men dunyoda birinchi bo‘lib vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazgan va aholini emlashni boshlagan Rossiya Federatsiyasining yetakchi rolini ta’kidlamoqchiman. Qozog‘iston ham o‘z preparatini ishlab chiqarmoqda, u sinov paytida yaxshi natijalarni ko‘rsatmoqda. Yaqin kunlarda, aniqrog‘i kelgusi hafta biz Rossiya bilan birga ham Rossiyaning, ham Qozog‘istonning vaksinalarini, shu jumladan eksport uchun ham, ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz», — dedi Qozog‘iston prezidenti MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisida. — TASS.