Senatning o‘ninchi yalpi majlisida 2021 yil uchun Davlat byudjeti Senat a’zolari tomonidan ma’qullandi.

Unga ko‘ra, Davlat byudjetining 2021 yilgi xarajatlari (davlat maqsadli jamg‘armalarisiz) 165,8 trln so‘mni yoki YAIM ga nisbatan 24 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

Davlat byudjeti umumiy xarajatlarining 52 foizini ya’ni 86 trln so‘mni ijtimoiy soha xarajatlari tashkil etishi kutilmoqda. Jumladan, ijtimoiy soha xarajatlarining 40 foizi ta’lim sohasiga yo‘naltirilmoqda.

Shuningdek, 2021 yilda Davlat byudjeti daromadlari 147,2 trln so‘m miqdorida yoki joriy yilga nisbatan 13 foizga o‘sishi prognoz qilinmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari 26,2 trln. so‘m, xarajatlari esa 40,8 trln. so‘m miqdorida rejalashtirilgan.

Davlat maqsadli jamg‘armalariga respublika byudjetidan 15,9 trln so‘m mablag‘ ajratish ham belgilangan.

Jumladan, byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi daromadlari 23,5 trln so‘m, xarajatlari 36,5 trln so‘mni tashkil etgani holda byudjetdan 14,7 trln so‘m ajratilishi rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, inflyatsiya darajasining pasayish tendensiyasi davom etishi va kelgusi yilda uning 10 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.