14 dekabr kuni “Gazeta.uz” Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani sobiq hokimi Sa’dulla Boboqulov bozor ishi bo‘yicha sudyaga bosim o‘tkazgani natijasida ishdan bo‘shatilgani bilan bog‘liq surishtiruvni e’lon qilgan edi. Mazkur xabar yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimligi va Sa’dulla Boboqulov munosabat bildirdi.

Viloyat hokimligi munosabatida shu yilning 10 aprelida o‘tkazilgan Xalq deputatlari G‘uzor tumani kengashining navbatdan tashqari sessiyasida Sa’dulla Boboqulov sog‘ligidagi surunkali muammolar sababli o‘z arizasiga asosan vazifasidan ozod etilgani ma’lum qilingan.

“Sudyalar oliy kengashi raisi X.Yodgorov ta’kidlaganidek, S.Boboqulov ishi bo‘yicha xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin. Ammo sobiq hokimni ishdan olinish vaqtida xizmat tekshiruvi yoki uning natijasi haqida xabar berilmagan”, — deyiladi xabarda.

Sobiq hokim, ayni vaqtda Qashqadaryo viloyati arxiv ishi hududiy boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlayotgan Sa’dulla Boboqulov “Gazeta.uz” tahririyatiga murojaat qilib, o‘z munosabatini bildirdi. “Sudya Sattor Aqanov Normurod Tursunovning (bozor raisi) Toshkentda yashaydigan, tergovchilikdan „urilib ketgan“ yurist o‘g‘li bilan kursdosh va bitta kvartirada yashagan ekan”, — dedi u.

U, shu bilan birga, Sudyalar oliy kengashidan G‘uzor tumani FIB tumanlararo sudi raisi Sattor Aqanovni tekshirgani Raxmatilla ismli shaxs kelib-ketganini qayd etdi.

“U men va deputatlar bilan gaplashib, holat qanday bo‘lganini so‘rab-surishtirib, audioyozuvni mening yordamchim Hasan telefonida yozganini aniqlagan. Chunki men yordamchimga juda ko‘plab topshiriqlar beraman, u bloknotiga yozib olishdan ko‘ra, telefoniga yozib olishni mendan ruxsat so‘ragan”, — dedi Boboqulov.

Shuningdek, u xizmat tekshiruvida qayd etilgan holat, ya’ni hokim viloyat suv omborlari boshlig‘i X.Parmanov qo‘pol muomalasi uchun bu bo‘yicha ma’muriy material qildirganida audioyozuv bo‘lmaganini aytdi.

“Suv xo‘jaligi rahbarini ham hokim yozib olib sudga bergan, degan ma’lumot g‘irt yolg‘on bo‘lib, bunaqa audioyozuv yo‘q va bo‘lishi mumkin emas. Chunki men va prokuror Bekzod Suyunov „Obod qishloq“ bo‘yicha Do‘ltali qishlog‘ida paytimizda men u kishiga paxtaga suv ombordan suv ochishini so‘raganimda, u kishi (X.Parmanov) Chiroqchida to‘yda ichib, mast holatda har xil haqoratli so‘zlar bilan so‘kayotganini dinamik orqali prokuror ham eshitib, sudga telefon qilib, hokimni haqorat qildi, o‘zim eshitdim, deb ariza qabul qilishni aytdi va shundan so‘ng hokimiyatdan ariza kiritdik”, — dedi sobiq hokim.

U, shuningdek, shu yil yanvarda Toshkentga hokimlar malakasini oshirishga kelganida hukumat shifoxonasida og‘ir kasallikka chalinganini eshitgani, zudlik bilan buyrak ko‘chirib o‘tkazish yoki gemodializ qilish kerakligidan xabar topganini aytdi. Hozirda har uch kunda dialez olib qonini tozalab, ishlayotganini aytdi. Mazkur xabar tarqalishi esa uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini ham qo‘shimcha qildi.

Boboqulov bozor ishiga ham to‘xtalib o‘tdi. U mamlakat bo‘yicha bozorlarning 51 foizi hokimiyatlarga qarashi va narx-navodagi muammolarga javob berishini ta’kidladi.

“Men o‘zim hokimiyatga ishga borganimda (2018 yil 31 avgust) bozor rekonstruksiya bo‘lib, janjal, to‘palon bo‘layotgan ekan. Shu vaqtgacha dehqon bozoriga tegishli mol bozor har bozor kuni 3−4 mln so‘m topshirib ishlab turgan. Bu noinsoflarni tartibga chaqirish uchun bozorga monitoring tashladim va bir bozorda 15 mln so‘m tushirib, bir oyda 70 mlngacha tushumni ko‘paytirdim. Oldin 20 mln oyiga topshirib yurgan ekan”, — deya ta’kidladi u.

Sobiq hokim 2019 yil yozida mol bozori o‘rnida savdo majmuasi qurilishi munosabati bilan mol bozor quruvchilar va hasharchilar yordamida boshqa joyga ko‘chirilgani, 1 mlrd so‘mga yaqin qurilish-montaj ishlari bajarilgani va natijada tuman hokimi va xalq deputatlari qarori bilan 2020 yil fevraldan mol bozor hokimiyat balansiga o‘tkazilganini aytdi.

“Eng qizig‘i, yaqinda menga viloyat arxitekturasidan masul xodim telefon qilib, „siz hokim bo‘lib ishlaganda qurilgan mol bozoriga G‘uzor bozori rahbari Normurod Tursunov kelib, hujjat qilib bergin, deyapti“ dedi. Bu Normurod deganlari Qahramon akasi ikkalasi 30 yildan buyon bozorda ishlab, bozor ichidagi yarmidan ko‘p do‘konlarning kadastrini konunga zid ravishda xususiy qilib olgan. Holbuki, Vazirlar Mahkamasining 1326-qarorida bozorlar xududida kadastr qilib berish man etiladi, faqat yerdan foydalangan uchun ijara to‘laydi, deyilgan”.

“Shu vaqtgacha mol bozoridan har oy o‘rtacha 70 mln so‘mdan tushum tushayotgan bo‘lsa, 2020 fevralda yangi mol bozor ishga tushib, fevralda — 70 mln, martda — 70 mln, aprelda — 70 mln (tushdi), iyun, iyul va avgust pandemiya sabab ishlamadi. Sentyabr, oktyabr, noyabr, dekabr jami 7 oyda 490 mln so‘m 100 foiz foyda pul tushumi hokimiyat bozoriga emas, kimga kirim bo‘layotganiga jurnalist surishtiruvi asosida aniqlik kiritsa bo‘ladi”, — deydi sobiq hokim.

Sa’dulla Boboqulov bozorda korrupsiyaviy tizim yo‘lga qo‘yilgani va bu borada Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtashevaga murojaat qilganini ta’kidladi. “Men bilaman, bu yerda aniq korrupsiya bo‘layapti. Chunki qaror chiqqaniga ancha vaqt o‘tgan bo‘lsa ham, bozor kadastr hujjati qilinib, hokimiyat balansiga olinmagan. Kassa apparati olinib, bankdan hisob raqami ochilib, pullar kirim qilinmayapti va shu vaqtgacha tushgan pullarni kim tomonidan o‘zlashtirilayotgani haqida Korrupsiya agentligiga murojaat qildim”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmo‘min Yodgorov AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida sudyalar faoliyatiga asossiz aralashuviga misol keltirib, Qashqadaryo viloyatidagi tumanlarning birida hokim sudya faoliyatiga aralashgani uchun vazifasidan ozod etilganini aytgan edi. “Gazeta.uz” shu asosda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi тафсилотларини bayon qildi.