Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan prezident farmoni loyihasida ayrim turdagi ma’lumotnomalarni talab qilishni bekor qilish taklif etilmoqda.

Hujjat loyihasida 2021 yil 1 apreldan boshlab davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma’lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi bor yoki yo‘qligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarni davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risidagi;

b) quyidagi hujjatlarni:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
  • shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
  • kadastr hujjatlari va ularning nusxalari;
  • mehnat daftarchalari va ularning nusxalari;
  • ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalarini talab qilish bekor qilish taklif etilmoqda.

Bunda, davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish va boshqa ma’muriy tartib-taomillardan o‘tish, shuningdek ishga qabul qilish jarayonida mazkur bandda belgilangan hujjat yoki ma’lumotlarni olish zarurati mavjud bo‘lganda, ularni ushbu farmon ilovasiga muvofiq tasdiqlangan ma’lumotlarni berish uchun mas’ul bo‘lgan davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

Ushbu bandda ko‘rsatilgan hujjat yoki ma’lumotlarning davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, davlat muassasalari va mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan jismoniy shaxslardan talab qilinishi davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi qonun hujjatlarini buzish deb hisoblanadi.

Avvalroq xuddi shu farmon loyihasida 2021 yil 1 martdan boshlab fuqarolarning doimiy (vaqtincha) ro‘yxatdan o‘tgan joyidan hamda yuridik shaxslarning pochta manzilidan (joylashgan yeridan) qat’i nazar fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish, nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarida ko‘rikdan o‘tish va transport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish eksterritorial tamoyil bo‘yicha amalga oshirish taklif qilinayotgani haqida xabar bergan edik.