Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq, 11 dekabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston bosh vaziri Narendra Modining videoanjuman shaklidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda O‘zbekiston-Hindiston do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan.

Ta’kidlanishicha, koronavirus infeksiyasining global miqyosda tarqalishi oqibatlarini yengib o‘tishda yaqindan hamkorlikni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

O‘zaro savdo hajmini oshirish, transport aloqalarini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, energetika, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kuchaytirish hamda hududlararo muloqotlar, ta’lim va gumanitar almashinuvni faollashtirishga qaratilgan ustuvor dastur va loyihalarni ko‘rib chiqish kutilmoqda.

Uchrashuv chog‘ida ikki davlat yetakchilari jahon va Markaziy Osiyodagi vaziyat yuzasidan fikr almashadilar, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi samarali kurashish chora-tadbirlarini muhokama qilishadi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida Qo‘shma bayonot qabul qilinib, iqtisodiyot va innovatsiyalar, moliyaviy-texnik ko‘mak, bojxona ishi va savdoni texnik tartibga solish, kadrlar tayyorlash va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga doir qator hukumatlararo va idoralararo bitimlar imzolanishi rejalashtirilgan.