9-dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Yig‘ilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqib, mamlakatning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari tanqidiy ruhda muhokama qilindi.

Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. O‘zbekistonda islom diniga oid ko‘plab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini ta’minlash mumkin, deyiladi xabarda.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Milliy aviakompaniyada [Uzbekistan Airways] chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari ziyorat turizmida targ‘ibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini ta’kidladi. O‘zbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi bo‘yicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.

Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir o‘rinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash bo‘yicha tizimli shug‘ullanadi.

Hududlarda hali yetarlicha o‘rganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar ko‘pligi ta’kidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaga 300 ta madaniy meros obyekti va ziyoratgohni restavratsiya qilish vazifasi qo‘yildi.

Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi bo‘lgan moturidiya ta’limotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada ko‘rsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.

“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Ro‘za va Qurbon hayitlari, Navro‘z, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qo‘shimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.