Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Rasmiy hujjatlarga apostil qo‘yish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, Apostil qo‘yishni jahon andozalari asosida elektron ko‘rinishga o‘tkazish belgilanmoqda.

Ma’lumot uchun, Apostil bu rasmiy hujjatni imzolagan shaxsning imzosi haqiqiyligini va hujjatni tasdiqlagan muhr yoki shtamp bosma izi haqiqiyligini tasdiqlaydigan Konvensiyaga muvofiq rasmiy hujjatga chet elda foydalanish maqsadida qo‘yiladigan maxsus stikerdir.

Loyihaga ko‘ra, Apostilni maxsus elektron dastur (E-App ilovasi) orqali himoyalangan elektron hujjat shaklida qo‘yish taklif etilmoqda.

Amaldagi tartibga muvofiq, Apostil qo‘yish Oliy sud, Adliya vazirligi hududiy boshqarmalari, Bosh prokuratura, Ta’lim sifatini nazorat qilish inspeksiyasi hamda Tashqi ishlar vazirligi tomonidan 5−20 ish kuni mobaynida qog‘oz hujjat shaklida amalga oshiriladi.

Taklif etilayotgan elektron apostilga ko‘ra, ariza beruvchilar Davlat xizmatlari markazlariga Apostil qo‘yish talab etilgan rasmiy hujjatni taqdim etadi, Markaz hujjatlarni skanerlab, axborot tizimi orqali tegishli vakolatli organga (5 tadan biriga) yuboradi.

Vakolatli organ hujjatlar kelib tushgach 1 ish kuni mobaynida hujjatga E-App ilovasi orqali elektron Apostil qo‘yadi, elektron hujjatni dunyoning istalgan nuqtasidan tekshirib olish mumkin bo‘lgan E-register dasturiga kiritadi va xizmat natijasini ariza beruvchiga yuboradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda har yili o‘rta hisobda 70 mingga yaqin hujjatga apostil qo‘yilgan bo‘lib, qog‘oz shaklida apostil qo‘yilgan hujjatlardan foydalanish uchun ularni chet elga yuborish, tabiiyki, sezilarli vaqt talab etgan.