Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida, O‘zbekiston fuqarolarini yollab, Suriyadagi «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkiloti safiga jo‘natishda gumon qilinayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 1996 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan O.Xoshimov, 2019 yilda Misr Arab Respublikasida o‘qishi davomida xalqaro terrorchilik tashkiloti rahnamolarining g‘oyaviy ta’siriga tushib, u yerga O‘zbekistondan diniy ta’lim olish maqsadida borgan yoshlar orasida o‘zining aqidaparastlik g‘oyalarini targ‘ib qilgan hamda Suriya davlati hududida faoliyat olib borayotgan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkilotining safiga qo‘shilishga da’vat qilib, ularni yuborish bilan shug‘ullanib kelgan.

Ushlangan shaxsning uyali telefon apparati xotirasida ekstremistik mazmundagi materiallar mavjudligi aniqlanib, protsessual tartibda olib qo‘yilgan.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-tezkor harakatlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.

Oliy sudning 2016 yil 26 sentyabrdagi qarori bilan «Tavhid va jihod katibasi» xalqaro terrorchilik tashkiloti faoliyati O‘zbekiston hududida taqiqlangan tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan.

«Fuqarolarimiz, ayniqsa yoshlarimizni ogohlantirib, bu kabi qonun buzilishlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, ijtimoiy tarmoqlardagi shubhali saytlarda tarqatilayotgan buzg‘unchi g‘oyalar ta’siriga tushib, aldanib qolmasliklari, jamoat tartibiga tahdid soluvchi materiallardan foydalanmasliklari hamda internet tarmog‘ida noxolis, tekshirilmagan va asossiz materiallarni tarqatish bilan shug‘ullanmasliklarini so‘raymiz», — deyiladi IIV bayonotida.