Surxondaryoda paxta topshirish rejasiga amalda mavjud bo‘lmagan 21,3 foiz, ya’ni 52 ming tonna paxta qo‘shib yozilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda Kun.uz nashri tahririyat ixtiyoriga kelib tushgan Surxondaryo viloyat prokuraturasining 2020 yil 30 oktyabrdagi topshirig‘iga tayanib xabar bergan edi.

Unda viloyat prokurori o‘rinbosarlaridan biri imzolagan ushbu topshiriqda «Tahlillar, [Surxondaryo] viloyat bo‘yicha jami 52 121 tonna paxta xomashyosini qo‘shib yozish holatlariga yo‘l qo‘yilganligini ko‘rsatmoqda», — deya ta’kidlanadi.

Nashrning yozishicha, topshiriq matnida viloyat tumanlarida qanchadan paxta qo‘shib yozilganiga ham aniqlik kiritilgan:

  • Qumqo‘rg‘on tumanida — 10 538 tonna;
  • Angor tumanida — 9 488 tonna;
  • Jarqo‘rg‘on tumanida — 9 183 tonna;
  • Muzrabot tumanida — 8 526 tonna;
  • Denov tumanida — 6 111 tonna;
  • Oltinsoy tumanida — 1 470 tonna;
  • Sho‘rchi tumanida — 1 716 tonna;
  • Qiziriq tumanida — 1 477 tonna;
  • Termiz tumanida — 1 470 tonna;
  • Sariosiyo tumanida — 540 tonna;
  • Uzun tumanida — 539 tonna;
  • Sherobod tumanida — 508 tonna;
  • Bandixon tumanida — 307 tonna.

Shuningdek, viloyatdagi 535 ta fermer xo‘jaliklari paxta xomashyosi tayyorlash va topshirish rejasini 50 foizga ham bajarmagani ayon bo‘lmoqda. Sherobod tumanida — 205ta, Qiziriq tumanida — 166ta, Sho‘rchi tumanida — 50ta, Bandixon tumanida — 37ta, Uzun tumanida — 29ta, Denov tumanida — 19ta, Angor tumanida — 13ta, Jarqo‘rg‘on tumanida — 10ta, Muzrabot va Oltinsoy tumanlarida 3tadan fermer xo‘jaliklari amalda rejani 50 foizga ham bajara olmagan.

Paxtachilik klasterlari hisoblanadigan «SHOSHMOXKASHOB» MCHJ, «Surxondaryo agro xizmat» MCHJ, «Termiz Jayxun Cluster» MCHJ, «Surxon sifat Tekstil» MCHJ, «Indenim Klaster» MCHJ, «Angor Surxon G‘ururi» MCHJ, «Muzrabat Indenim klaster» MCHJ, «Bandixon Agroxizmat» MCHJ kabilarning hisobotlarida aslida terilmagan paxta xomashyosini qo‘shib yozishgani ham ma’lum qilingan. Yog‘ingarchilik kunlari ham Surxondaryoning paxta «xirmon"lariga xomashyo kirim qilingani aytilmoqda.

Surxondaryodagi tuman prokurorlariga yo‘llangan topshiriqda qayd etilgan qonunbuzilish holatlari yuzasidan zudlik bilan prokuror nazorati hujjatlarini qo‘llab, amalga oshirilgan ishlar va ko‘rilgan choralar haqida viloyat prokuraturasiga 5 noyabrga qadar axborot berish so‘ralgan.

Yuqoridagi holat yuzasidan Surxondaryo viloyati prokuraturasi bayonot berdi.

«Viloyat prokuraturasi tomonidan 30.10.2020 yilda tumanlarga yuborilgan topshiriq kunlik terim pullarining tarqatilishi yuzasidan tegishli tashkilotlardan olingan tahliliy ma’lumotlarga tayangan holatda tayyorlangan bo‘lib, ushbu tahlillar kelgusida paxta hisob-kitoblariga qo‘shib yozish salbiy holatlarining oldini olish maqsadida yuborilgan», — deyiladi bayonotda.

Unda, shuningdek, ushbu topshiriq asosida amalga oshirilgan prokuror nazorati natijasida qo‘shib yozish holatlarining oldi olingani aytilmoqda.

«Mazkur topshiriq yuborilgan vaqtda paxta mavsumi davom etayotgan bo‘lib, yakuniy hisob-kitoblar hali tamomlanmagan edi. Hozirgi kunda paxta mavsumida qo‘shib yozish holatlari bo‘yicha aniqlangan va isbotlangan holatlar mavjud emas», — deya ta’kidlangan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» joriy yilda respublika bo‘yicha 3 mln 82 ming tonna paxta hosili yetishtirilgani haqida yozgan edi. Unda Surxondaryo viloyati eng past ko‘rsatkichni qayd etib, paxta terimi rejasini 82,3 foizga bajargani qayd etilgan edi. Bundan tashqari, paxta yetishtiruvchi 136 ta tumandan 104 tasi, 97 ta paxta-to‘qimachilik klasteridan 78 tasi, 11 ta paxta kooperatsiyasidan 8 tasi hamda 29 ming ta fermer xo‘jaliklaridan 23 mingtasi shartnomani bajargani aytilgandi.