30 noyabr kuni Oliy sudda bo‘lib o‘tgan anjumanda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori o‘rinbosari Umida To‘xtasheva sud tizimida sodir etilayotgan korrupsion xatti-harakatlar tahliliga oid ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

Agentlik vakili davlat mablag‘larini talon-toroj qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklarga ham to‘xtalib o‘tdi. Jumladan, Toshkent shahar ma’muriy sud sudya va xodimlariga nisbatan ish qo‘zg‘atilgani ma’lum qilindi.

«Bosh prokuraturasi tomonidan Toshkent shahar ma’muriy sudi sudyalari va xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 167, 209-moddalari bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. Xususan, ma’muriy sudning bir nechta sudyalari va ularning yordamchilari Toshkent shahar IIBB YHXB ma’muriy amaliyot bo‘limi xodimlari bilan jinoiy til biriktirishgan», — dedi Umida To‘xtasheva.

Ta’kidlanishicha, jinoiy guruh yo‘l harakati qoidalari buzilgani yuzasidan ma’muriy ishlarni sud devonxonasiga kirim qilmagan. Ishni taraflar ishtirokida amalda ko‘rib chiqmagan va ayrim ma’muriy ishlarni qasddan yo‘qotib yuborishgan. Natijada jami 5 mingga yaqin soxta qaror chiqarib, umumiy hisobda 8 mlrd so‘m pul mablag‘larni talon-toroj qilishgan.

Agentlik vakili, shuningdek, korrupsiya holatlari haqida gapira turib, pora olish-berish bilan bog‘liq jinoyatlar eng xavflisi ekanini aytdi. U joriy yilning oktyabr oyida FIB Urganch tumanlararo sudining sudyasi O.S 10 ming AQSH dollaridan 1200 AQSH dollarini olayotgan vaqtda jinoyat ustida qo‘lga olinganini ma’lum qildi.