Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Xelena Freyzer va Toshkentdagi bir qator xorijiy elchilar Prezident ma’muriyati huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (AOKA) tomonidan mustaqil onlayn OAVlarga yuorilgan ogohlantirishlar haqidagi xabarlarga munosabat bildirishdi.

Biz avval yozganimizdek, «Gazeta.uz», Daryo.uz, Podrobno.uz nashrlari koronavirus statistikasi bo‘yicha savollarga javob bergani va ularning materiallarida rasmiy tushuntirishlar bermaganligi uchun, Kun.uz esa ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining gaz va elektr ta’minoti bilan muammolar to‘g‘risida sharhlarini e’lon qilganliklari uchun ogohlantirildi. AOKA ushbu holatlarda qonun talablariga javob bermaydigan ma’lumotlar tarqatilganligini ta’kidlagan.

Xelena Freyzer Twitterdagi ikkita postida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning may oyida bo‘lib o‘tgan Matbuot erkinligi kuni sharafiga «faktlar va tahliliy ma’lumotlar taqdim etgani, rahbarlarning barcha sohalarda javobgarligini ta’minlagani va rasmiylarga haqiqatni gapirgani uchun» OAVga minnatdorchilik bildirgan so‘zlarini eslatdi.

U barcha hukumatlarni «ommaviy axborot vositalari xodimlarini himoya qilishga va matbuot erkinliklarini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlashga» chaqirgan edi, bu COVID-19 inqirozi atrofidagi «soxta ma’lumotlar pandemiyasi»ga «qarshi vosita» bo‘lib xizmat qiladi.

«Men ushbu masalalar va ushbu bayonot haqida [Kun.uz, Gazeta.uz] va boshqa ommaviy axborot vositalari atrofidagi so‘nggi voqealarni inobatga olgan holda mulohaza yurityapman. Prezident Mirziyoyev ta’kidlaganidek, matbuot erkinligi barqaror rivojlanishga erishish va O‘zbekiston hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni amalga oshirish uchun juda muhimdir», — dedi Xelena Freyzer.

AQSHning Toshkentdagi elchisi Deniyel Rozenblyum: «Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining mustaqil ommaviy axborot vositalariga bosim o‘tkazish bilan bog‘liq so‘nggi harakatlaridan ko‘nglim qoldi» deb yozgan.

«O‘zbekistonning ulkan islohotlari muvaffaqiyatga erishish uchun erkin va ochiq matbuotga muhtoj. AOKA bosimi bunga to‘g‘ri kelmaydi», — dedi u.

«AOKA yaqinda ommaviy axborot vositalarining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirganligini ko‘rish achinarli. Kuchli, erkin ommaviy axborot vositalarisiz demokratik jamiyat qurib bo‘lmaydi», — deb yozgan Buyuk Britaniya elchisi Tim Torlot.

Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasining o‘zbek tilidagi bir qator tvitlarida elchi Gyunter Overfeld «Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan Kun.uz, „Gazeta.uz“ va boshqa ommaviy axborot vositalarining tanqididan hayratga tushgani» aytilmoqda.

«Agar matbuotda gaz va elektr ta’minoti xizmatlarining yomon ishlashini jamoatchilik tanqid qilsa, bu asosli bo‘lsa, matbuot bu haqda yozishga haqlidir. Bu davlat agentligi tomonidan ommaviy axborot vositalarini tanqid qilish uchun sabab emas. Matbuot o‘z vazifasini faqat jamoat muhokamalarida bajardi», — deyiladi elchi munosabatida.