Davlat statistika qo‘mitasining 2020 yil yanvar-oktyabr oylari davomidagi tashqi savdo aylanmasi haqidagi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston eksportining 43,5% ulushini oltin tashkil qiladi.

So‘nggi ikki oy davomida oltin eksport qilinmagan bo‘lsa-da, jami 13,3 mlrd dollarni tashkil qilgan eksport hajmining 5,8 mlrd dollar qismi oltin eksportiga tegishli. 2018 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 15,1 foizga, 2019 yilda esa 28,1 foizga teng bo‘lgan.

Yanvar-oktyabr oylari bo‘yicha O‘zbekiston importining hajmi 16,7 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan 25,3 mln dollar oltin importiga to‘g‘ri keladi.

Bu vaqt oralig‘idagi eksport hajmining eng katta qismini oltin egallagan bo‘lsa, importning 37,8 foiz ulushini mashinalar va transport asbob-uskunalar tashkil qilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston iyul oyida oltin sotish bo‘yicha yetakchiga aylangani, avgust oyida esa rekord ko‘rsatkichlarda oltin sotgani haqida xabar bergan edik.