O‘zbekistondan Oskar mukofotiga «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tavsiya etildi. Bu haqda «O‘zbekkino» milliy agentligi axborot xizmati xabar berdi.

Shu yilning 21 noyabr kuni O‘zbekiston Oskar qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda qo‘mita raisi Firdavs Abduxoliqov hamda qo‘mita a’zolari hamda prodyuser va Qo‘mita koordinatori Oybek Abdushukurovlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tomonidan nufuzli Oskar mukofotining «Eng yaxshi xalqaro badiiy film» nominatsiyasiga «O‘zbekkino» Milliy agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi tanlandi.

Ssenariy muallifi va rejissyor Yolqin To‘ychiyev, postanovkachi operator Bahodir Yo‘ldoshev, postanovkachi rassom Bektosh Rajabov, film direktori Shavkat Rizayev.

Rollarni Bahrom Matchonov, Yulduz Rajabova, Elmira Rahimjonova, Marjona O‘ljayeva, Sanobar Haqnazarova, Nodira Xojiquliyeva va boshqalar ijro etgan.

«Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmida o‘tgan asrning boshlarida Turkistonda yuz bergan siyosiy voqealarning shu yurt aholisiga ko‘rsatgan ta’siri bir oila misolida ochib beriladi.

93-Oskar taqdirlash marosimi 2021 yilning 25 aprel kuni Los-Anjeles shahrining mashhur «Dolby» teatrida bo‘lib o‘tadi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil bahorida «O‘zbekkino» Milliy agentligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va O‘zbekiston milliy kinokomissiyasi tashabbusi bilan O‘zbekiston Oskar qo‘mitasi tashkil qilingan edi.