Amerikaning Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan koronavirusga qarshi vaksinaning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun narxi bir dozasi uchun 15,5 yevroni (18,34 dollar) tashkil etadi, deb xabar bermoqda RBK Reuters agentligiga tayanib.

Shunday qilib, Yevropa Komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen ilgari sotib olishni rejalashtirayotganini e’lon qilgan 300 million dozali vaksinaning narxi 4,6 mlrd yevroni tashkil etadi, deb hisobladi agentlik.

Bundan oldin vaksinaning narxi Pfizer va Germaniyaning BioNTech kompaniyasi tomonidan oshkor qilinmagan edi. BioNTech strategiya bo‘limi rahbari Rayan Richardsonning aytishicha, hamkorlikda ishlab chiqarilayotgan vaksinaning keng sotuvga qo‘yilishi uchun, uning narxi bozor narxlaridan arzonroq qilib belgilanadi.

Pfizer ma’lumotlariga ko‘ra, klinik sinovlarning navbatdagi bosqichida preparat 90% dan yuqori samaradorlikni ko‘rsatdi: 43 mingdan ortiq tadqiqotning atigi 94 ishtirokchisi koronavirus infeksiyasini yuqtirgan.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, vaksina ikki bosqichda qo‘llaniladi va in’eksiya qilinganidan 28 kun o‘tgach, COVID-19dan himoya qiladi. 2020 yilning oxiriga qadar Pfizer va BioNTech 50 million dozani, 2021 yilda yana 1,3 milliard dozani ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda.