Joriy yilda Global ochlik indeksda 107 ta mamlakat ishtirok etdi. Mazkur indeksda O‘zbekiston eng yaxshi deb topilgan 47 ta mamlakatlar orasida 6,7 ball bilan 30 o‘rinni egalladi. Ushbu ma’lumot Global ochlik indeksi rasmiy saytida taqdim etilgan.

O‘tgan yilga nisbatan O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini yaxshiladi. 2019 yilda ushbu reytingda mamlakat 10,7 ball bilan 48 o‘rinda ko‘rsatib o‘tilgan edi.

Global ochlik indeksining yetakchi pog‘onalarida Belarus, Bosniya va Gersegovina, Braziliya davlatlari joylashgan. Eng kichik ko‘rsatkichlar Madagaskar, Timor Leste va Chad mamlakatlarida kuzatilmoqda.

MDH davlatlari quyidagi o‘rinlarni egallashdi:

  1. Ukraina — 16;
  2. Rossiya — 18;
  3. Qozog‘iston — 21;
  4. Ozarbayjon — 25;
  5. Gruziya — 26;
  6. O‘zbekiston — 30;
  7. Armaniston — 31;
  8. Qirg‘iziston — 42;
  9. Turkmaniston — 52.

Foto: Global ochlik indeksi (2020) / globalhungerindex.org

Bu indeks har bir mamlakat uchun to‘rtta ko‘rsatkichni jamlash orqali aniqlanadi:

  • to‘yib ovqatlanmaydigan aholi ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan vazni me’yordan past bolalar ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan bo‘yi me’yordan past bolalar ulushi;
  • besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning o‘lim darajasi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda qariyb 690 mln kishi to‘yib ovqatlanmaydi, besh yoshgacha bo‘lgan 144 mln bola bo‘yi me’yordan pastdir, besh yoshgacha bo‘lgan 47 mln bola vazni me’yordan pastdir.

Foto: Global ochlik indeksi (2020) / globalhungerindex.org

Ma’lumot uchun, Global ochlik indeks ko‘rsatkichlari mavjud bo‘lmagan mamlakatlar va ba’zi bir yuqori daromadli mamlakatlar, aholisi kam mamlakatlar va mustaqil bo‘lmagan hududlar uchun hisoblanmagan.