Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bir vaqtning o‘zida Zoom platformasi orqali jonli efirga ham uzatilmoqda. Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maqsud Yuldashev deputatlarning savollariga javob berib bo‘lgach, kamera mikrofonini o‘chirish yodidan ko‘tarildi.

U onlayn efir vaqtida, Xurshid ismli shaxsga «E-e-e, aka, obqochishga majburmiz endi, nima qilamiz», — degan Maqsud Yuldashev.

Mazkur holat yuzasidan «Gazeta.uz» so‘roviga Maktabgacha ta’lim vazirligi munosabat bildirdi.

«Holat yuzasidan haqiqatan ham M.Yuldashev deputatlar savollariga javob bergandan so‘ng onlayn uzatilayotgan efir mikrofonini o‘chirish esdan chiqqani va u ish faoliyatini davom ettirgani hamda bu jarayonda unga bo‘lgan qo‘ng‘iroqqa javob bergani ma’lum bo‘ldi. Vazir o‘rinbosari M.Yuldashev bu telefon orqali so‘zlashuv mazmuni deputatlarga berilgan javobga aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi», — deyiladi xabarda.

Vazirlik matbuot xizmati, shuningdek, OAV vakillaridan turli xil «ehtimollar»ga asoslangan fikrlarni ilgari surmasliklarini va vaziyatga to‘g‘ri baho berishlarini so‘ragan.

Mazkur vaziyatga qadar Qonunchilik palatasining navbatdagi yig‘ilishida deputat Shaxnoza Xolmaxamatova maktabgacha ta’lim sohasidagi bir qator muammoli vaziyatlar yuzasidan savollarni taqdim etgan edi.

Maktabgacha ta’lim vaziri o‘rinbosari Maksud Yuldashev 2018—2019 yillarda 1400 dan ortiq tadbirkorlar bilan bitimlar imzolanganini ma’lum qildi.

«Davlat xususiy sherikchilik loyihalari boshlanishidan oldin, prezidentimiz qarori bilan $200 mln miqdoridagi xorijiy investitsiyalarni ushbu loyihalarga yo‘naltirilishi belgilangan edi. Lekin tadbirkorlar tomonidan talabni ortgani, berilgan imtiyozlar, ayniqsa, hech qaysi davlatda uchramagan 15 yilga bir foizli imtiyoz bilan kredit berilishi talabni orttirib yubordi. Lekin shunga qaramasdan, Moliya vazirligi bilan hamkorlikda $250 mln mablag‘lar yo‘naltirildi. Yanvar oyida prezident qarori bilan 2020 yildan boshlab davlat xususiy sherikchilik chekka qishloqlarda bo‘lsa — 5 foiz, tuman markazlarida — 8 foiz, viloyatlar va shahar markazlarida — 12 foiz etib belgilandi. Mana shu belgilangandan keyin, ko‘p tadbirkorlar 1 foizli kreditga qiziqqani ko‘rinib qoldi. 100 dan ortiq tadbirkorlar loyihalarini amalga oshira olmasligini ma’lum qilib, bitimlarni bekor qilish bo‘yicha murojaat qilgan. Ular bilan bitimlar bekor qilingan. Iqtisodiy jihatdan samarali deb topilgan 263 ta bitimlarni bosqichma-bosqich moliyalashtirish amalga oshirilmoqda. O‘tgan oyni o‘zida Moliya vazirligi yordami bilan 128 mlrd mablag‘ 65 ta tadbirkorga yetkazib berilgan», — degan Maksud Yuldashev.

U shuningdek, bugungi kunda Saudiya rivojlantirish fondi bilan $11 mlnlik kelishuvlar mavjudligi, shu haftada fond va Moliya vazirligi o‘rtasida bitim imzolanishini aytdi. Yil yakuniga qadar bu mablag‘lar ham sohaga yo‘naltiriladi. Quvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasi bilan $30 mln hamda Islom taraqqiyot banki bilan $30 mlnlik kelishuvlar amalga oshirilishini qayd etildi.

Vazir o‘rinbosari oilaviy bog‘chalar masalasiga ham to‘xtalib, oilaviy bolalar bog‘chalarini ochishda to‘siq yo‘qligini ma’lum qildi.

«Oktyabr-noyabr oyida 1700 ta tadbirkor murojaat bilan chiqdi. Bular bilan ham bitimlar imzoladik. Shu yilning o‘zida uch mingga yaqin murojaatlar kelgan. Jihozlash masalasida mahalliy hokimliklar yaqindan yordam bermoqda. Ular o‘zlarining mahalliy resurslaridan jihozlarga katta miqdorda mablag‘lar yo‘naltirgan. Bundan tashqari, tadbirkor ayollar uchun alohida resurslar ajratilgan edi. Bolalar bog‘chalarida ayollar ko‘proq ishlagani uchun, to‘rt mingdan ortiq ayollar bundan foydalanib, bog‘chalarni ochishga muvaffaq bo‘lishdi», — degan edi Yuldashev.