O‘zbek rejissyori va ssenariy muallifi Yolqin To‘ychiyevning «Faridaning ikki ming qo‘shig‘i» filmi Hamdo‘stlik mamlakatlari ikkinchi xalqaro kinofestivali «Moskva premerasi»ning to‘liq metrajli filmlari orasida gran-pri mukofotiga sazovor bo‘ldi, deb xabar berdi Dunyo axborot agentligi.

Filmda «dunyoviy tashvishlar, jamiyat, boylar va kambag‘allarni ajratib turadigan qadriyatlar chekkasida yashaydigan» Komil haqida hikoya qilinadi. Erkakda faqat bitta umid bor — uning davomchisi, bolasi bo‘lishi. «Bu fitna Markaziy Osiyodagi fuqarolar urushi va yaqinlashib kelayotgan bolsheviklar hukmronligi tufayli aholining o‘z kelajagidan xavotirlanishi manzarasida yuzaga keladi», — deyiladi film tavsifida.

Yolqin To‘ychiyev — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi. O‘z ssenariylari asosida bir qancha filmlarni suratga olgan: «O‘spirin» (2005), «Manba» (2006), «Sukunat» (2008), «Postskriptum» (2010), «Farishta» (2010), «Uchuvchi qiz» (2010), «Sukunat uyi» (2011), «Suv parilari uchun uy» (2015), «Jannatlik ayol» (2016) va boshqalar.

Kinofestival 12−17 noyabr kunlari Moskvada bo‘lib o‘tdi. To‘liq va qisqa metrajli filmlarning tanlov dasturiga Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Litva, Rossiya, O‘zbekiston va Ukrainaning filmlari kiritildi.

Kino-teatr.ru portalining xabar berishicha, to‘liq metrajli asarlar orasida «Globus atrofida yettinchi yugurish» kartinasini suratga olgan Vitaliy Suslin eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun festival hakamlar hay’ati tomonidan maxsus sovrin bilan taqdirlandi. Moldova-nemis kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Anishoara» filmida o‘ynagan Ana Morari va Qirg‘izistonning «Shambala» filmidagi roli uchun Nasretdin Dubashev eng yaxshi aktyorlar deb tan olindi. Shuningdek, Artur Amanaliyev aktyorlik ishlari uchun hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.

Qisqa metrajli filmlar orasida g‘oliblikni Mila Faxurdinovaning rus-qozoq kinoijodkorlari tomonidan suratga olingan «Paramneziya» filmi qo‘lga kiritdi. Hakamlar hay’ati qozog‘istonlik rejissyor Ramazan Xaliollaning «Dombira» filmiga va Adilet Karjoyevning qirg‘izistonlik «Karusel» filmiga maxsus sovrinlarni topshirdi. Hakamlar hay’ati Ivan Orlenkoning «Bizning sinagogamizda» ukrain-fransuz filmiga alohida e’tibor qaratdi.