Dushanbadan boshlanadigan an’anaviy ta’lim shakliga barcha kurslar ham o‘tmaydi va OTMlar imkoniyatidan kelib chiqib, barcha kurslarni navbat bilan an’anaviy ta’limga jalb etiladi. Bu haqda AOKAda Oliy ta’lim vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqovning ma’lum qilishicha, 16 noyabr kuni an’anaviy ta’lim shakliga barcha talabalar yoki barcha kurslar jalb qilinmaydi. Ba’zi OTMlarda birinchi navbatda 1−4 kurslar jalb qilinishi rejalashtirilayotgani haqida aytib o‘tildi.

«Kurslarning muhimlik darajasi bo‘yicha ketma-ketlikda an’anaviy ta’limga jalb qilish oliy ta’lim muassasasining o‘zining vakolatida. Talabalarning imkoniyatlari va oliy ta’lim muassasasining imkoniyatlari birinchi navbatda hisobga olinishi kerak», — deya ta’kidladi u.

Shuningdek, talabalarning imkoniyatlari agar mavjud bo‘lmasa, o‘z xohishi bilan masofaviy ta’limda davom ettirishi mumkinligi ma’lum qilindi.