Oliy Majlisning qonunchilik palatasi deputati, O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosi Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida nega avtomashina sotib olishda UzAuto Motors bilan tuziladigan shartnomada umumiy qiymatining kamida 85%ini oldindan to‘lash talablari ko‘rsatilgan degan savolni o‘rtaga qo‘ydi.

Deputatning ta’kidlashicha, «monopolistning iste’molchiga diktovkasi shu qadar kuchliki, hech kim nega 85% oldindan to‘lov qilishim kerak o‘zi deb so‘rab ham o‘tirmaydi».

«Mashina puli to‘langach, minib ketilsa-ku, mayli, lekin puli to‘langach, oylab mashina chiqishini kutsang ham 85% pul to‘lash qaysi aqlga sig‘adi?», — deya so‘radi u.

Rasul Kusherbayevning aytishicha, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, shartnoma shartlari kuchga kirishi uchun 15% oldindan to‘lov kifoya. 1995 yil 25 may oyidagi prezident farmonida keltirilishicha, «ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar iste’molchilar va xaridorlarga o‘z narxining kamida 15 foizini to‘lamagan taqdirda mahsulot yuborish, ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishi taqiqlanadi».

Deputat, shuningdek, oldindan to‘lovning eng kam miqdori 50% ham, 85% ham, hatto 100% ham bo‘lishi mumkinligi haqida aytdi. «Ha, shunday, lekin qonunga ko‘ra bu tomonlarning o‘zaro kelishuviga ko‘ra belgilanadi».

Ta’kidlanishicha, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunga ko‘ra tovar (ish, xizmat)lar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tomonlar o‘rtasida shartnoma narsasi, miqdor, narx va boshqa muhim shartlar to‘g‘risida kelishuvga erishilsa, iste’molchi bilan ishlab chiqaruvchi (ijrochi, sotuvchi) o‘rtasida shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

«Lekin siz UzAuto Motors bilan 15% oldindan to‘lov shartlarida avtomashina sotib olish uchun shartnoma tuzishga urinib ko‘ring. Qonun bo‘yicha bunga haqli bo‘lsangiz ham aslo buning iloji yo‘q, chunki ular monopolist diktovkasi bilan tuzilgan shartnomaning bitta harfini ham o‘zgartirishmaydi. Nega? Chunki u monopolist», — deya ta’kidlaydi deputat.

Misol sifatida u Labo rusumli kichik yuk mashinalarini sotib olish shartnomasini tuzish jarayonini keltirdi. Aytishicha, 85% to‘lov qilgan xaridor mashinani 8 oy kutadi (yana 30 kun ham qo‘shilishi mumkin).

«76 mln so‘mlik Labo ning 85 foizi 65 mln so‘m bo‘ladi. Vaholanki, xaridor Labo olishga shartnoma tuzish uchun 65 mln so‘m emas, 11 mln so‘m to‘lashga to‘la haqli. Yo‘q, UzAuto Motors monopol shartlarini tiqishtirib, bunga aslo rozi bo‘lmaydi. Natijada xaridorning 54 mln so‘m puli 8 oyga muzlaydi, Agar shu pulni xaridor eng past stavka yillik 14% ustama bilan bank depozitida 8 oy saqlasa, kamida 5 mln so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘lgan bo‘lardi. Bu degani o‘sha 76 mln so‘mlik Labo xaridorga, 76 mln so‘m emas, kamida 81 mln so‘mga tushayapti degani», — tushuntirdi Rasul Kusherbayev.

Deputat Monopoliyaga qarshi kurash qo‘mitasini UzAuto Motors avtomashinalari tannarxini hisoblaganida xaridorlardan 85%lik to‘lov hisobiga yig‘ilgan mablag‘larni qonunchilikka to‘g‘ri kelish-kelmasligini tekshirib ko‘rishga chaqirdi. Shuningdek, kompaniyaning 2011 yilga qadar ham 15% oldindan to‘lov shartlarida shartnomalar tuzib kelgani haqida aytib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, oktyabr oyining oxirida Toshkent shahar ma’muriy sudi UzAuto Motors AJning Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi qarorini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi shikoyat arizasini qanoatlantirdi. Qo‘mitaga avtomobil ishlab chiqaruvchisiga yetkazilgan moddiy zararni qoplash to‘g‘risida buyruq berildi. Rasul Kusherbayev sud qarorini «eski O‘zbekistonning yangi ustidan g‘alabasi» deb atadi.

Shuningdek, bir guruh deputatlar Bosh prokuraturaga UzAuto Motors faoliyatidagi qonun hujjatlarining buzilishi, iste’molchilar huquqlari va korrupsiya belgilarini o‘rganish to‘g‘risida so‘rov yubordi. Tekshiruv natijalari bo‘yicha jinoyat sodir etilmaganligi sababli jinoyat ishi rad etildi.