Juma kuni prezident Shavkat Miziyoyev raisligida sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish hamda aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar qilgandik.

Mazkur yig‘ilishda qayd etilishicha, kelgusi yil 1 iyundan boshlab 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar [6 mln nafar bola] vitaminlar va mikro-nutriyentlar bilan, 10 yoshgacha bolalar parazitlarga qarshi dorilar bilan bepul ta’minlanadi. Shu bilan birga, homiladorlar, emizikli ayollar va 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarga [10 mln] yod preparatlari, 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga [6 mlndan ortiq] foliy kislotasi va ferrum bepul tarqatiladi.

Bu haqdagi qaror prezident tomonidan 6 noyabr kuni imzolangan. «Gazeta.uz» muxbirining xabar berishicha, mazkur dori va vitaminlar oilaviy shifokorlar tomonidan bepul tarqatiladi.

«Gazeta.uz» muxbirining ma’lum qilishicha, prezident sobiq ittifoq davrida bolalar va ayollar vitamin hamda dori-darmonlarni bepul olishgani, lekin moliya vazirligi mansabdor shaxslarining noto‘g‘ri qarorlari tufayli bu amaliyot bekor qilinganini ta’kidlab o‘tgan. Ushbu qarorlarning oqibatlari hozir sezilmoqda va davolanish uchun 10 marta ko‘proq mablag‘ sarflashga to‘g‘ri kelmoqda.

Yig‘ilishda, shuningdek, aholining to‘g‘ri ovqatlanish bo‘yicha bilimi yetarli emasligi aytildi. Davlat rahbari nosog‘lom turmush tarzi qanday og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi bolalikdanoq o‘rgatilishi kerakligini ta’kidladi.

«Birlamchi bo‘g‘inning kamida 50 foiz ishi aholini to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy tarbiyaga o‘rgatish bo‘lishi lozim», — deya ta’kidladi prezident.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tahliliga ko‘ra, tibbiy davolash inson salomatligini ta’minlashning 10 foiz omili, xolos. Irsiy omillar 15 foiz, atrof-muhit 20 foiz va, eng asosiysi, turmush tarzi 55 foizni tashkil etadi, deya ma’lum qildi prezident matbuot xizmati.

Past jismoniy faollik, me’yordan ko‘p, ayniqsa, kechki payt ovqatlanish oqibatida aholining qariyb 30 foizida yuqori qon bosimi, 46 foizida xolesterin miqdori normadan ortiq.

60 foiz holatda koronavirusning og‘ir kechishi noto‘g‘ri turmush tarzidan kelib chiqqan yo‘ldosh kasalliklarga bog‘liqligini ko‘rsatdi.

«Ya’ni, sog‘lom turmush tarzi — to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faolllik orqali qanchadan-qancha kasalliklarni oldini olish va insonlar hayotini saqlab qolish mumkinligini barcha birdek tushunishi kerak, — dedi prezident.

Foliy kislotasi va temir moddasi yetishmasligi 40 foiz ayollarda kuzatiladi, 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarning 55 foizida temir moddasi yetishmasligi sababli kamqonlik kelib chiqmoqda. 70 foiz bog‘cha va maktab yoshidagi bolalarda ichak parazitar kasalliklar mavjud.

Mutasaddi vazirliklar kelgusi yildan boshlab, aholiga, ayniqsa bolalarga to‘g‘ri va sog‘lom ovqatlanishni o‘rgatishi, buning uchun ta’lim muassasalarida alohida o‘quv soatlarini kiritishi zarurligi aytildi.