Vazirlar Mahkamasining 6 noyabrdagi qarori bilan rasmiy statistikani ishlab chiquvchilarning statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjatga muvofiq, audit Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ko‘p yillik va yillik statistika dasturlariga kiritilgan rasmiy statistikani ishlab chiquvchilarda o‘tkaziladi.

Ishlab chiquvchining statistika metodologiyalarini auditdan o‘tkazish Davlat statistika qo‘mitasi (Qo‘mita) tomonidan har yili tasdiqlanadigan reja-jadvalga asosan tashkil etiladi.

Auditning maqsadi Qo‘mitadan tashqari boshqa ishlab chiquvchi tomonidan foydanilayotgan statistika metodologiyalarini xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan baholash hamda ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

Nizom bilan auditdan o‘tkazish har 5 yilda kamida bir marta amalga oshirilishi belgilanmoqda. O‘tkazishning umumiy muddati 3 oydan oshishi mumkin emas.

Audit natijasiga ko‘ra dalolatnoma tuziladi hamda audit davomida aniqlangan kamchiliklarni tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi.

Qo‘mita tomonidan ishlab chiquvchiga ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan bajarilishi majburiy bo‘lgan taqdimnoma kiritiladi.

Ishlab chiquvchi taqdimnomada keltirilgan muddatlarda kamchiliklarni bartaraf etishi va qo‘mitaga ma’lumot berishi belgilandi.