Bosh prokuror Nigmatilla Yo‘ldoshev so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekistonda huquqni muhofaza qilish idoralarining 318 xodimi jinoiy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Xususan, «Ark buloq» bojxona posti boshlig‘i boshchiligidagi bir guruh bojxona xodimlari pora evaziga turli sub’ektlar tomonidan import qilingan tovarlar qiymatini pasaytirib ko‘rsatib, davlat manfaatlariga qariyb 9 mlrd so‘m zarar yetkazgan.

Tergov jarayonida post boshlig‘ining uyida o‘tkazilgan tintuvda, pora sifatida olingan 311 ming dollar naqd pullar olingan. Bundan tashqari, jinoiy yo‘l bilan topilgan pullar evaziga Bo‘stonliq tumanida 8 sotixli dala hovli qurganligi, «Tashkent City» majmuasidan 2 ta xonadon va bitta noturar joy hamda Captiva avtomashinasini sotib olgani aniqlangan.

Bosh prokurorning gaplariga ko‘ra, hozirda J. va uning sheriklari sud oldida javob berishmoqda.

Videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan korrupsiyaga qarshi kurashish natijalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan idoralararo yig‘ilishda Prezident administratsiyasining mas’ul xodimlari, hukumat a’zolari, parlament, vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Avvalroq, Xalq banki va Mikrokreditbank sobiq boshqaruv raisi bir qator korrupsiyaviy jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib hibsga olinganligi haqida xabar bergandik