Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonov Bosh prokuraturada bo‘lib o‘tgan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha idoralararo йиғилишда Markaziy bank bilan “komplayens nazorat” tizimi masalasi bo‘yicha bir qancha qiyinchiliklar yuzaga kelganini ta’kidladi.

“Gazeta.uz” muxbiri ma’lum qilishicha, agentlik direktori iyul oyida prezident raisligida yashirin iqtisodiyot va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yig‘ilishda vazirlik va idoralarda hamda davlat ulushi bo‘lgan 10 ta bankda “komplayens nazorat” tizimini joriy etish bo‘yicha aniq topshiriq berilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, Burxonov prezident administratsiyasi va bosh prokuratura bilan 26 vazirlikda operativ ravishda yo‘l xaritalari ishlab chiqilgani, bunga xorijiy hamkorlar va xalqaro konsalting tashkilotlari jalb etilganini ma’lum qildi.

Lekin Markaziy bank nimagadur bu masalaga jiddiy yondoshmagan. Hisob palatasi orqali hamda agentlik tomonidan ikki marotaba xat chiqarilgan. Markaziy bank nomiga xat chiqqanidan keyin xohlab-xohlamay, tijorat banklari rasmiyatchilik uchun “komplayens nazorat” tizimini joriy etish bo‘yicha yo‘l xaritalarini yuzaki qabul qilishdi, deya agentlik direktori so‘zlarini keltirmoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

“Biz yana ham yordam beraylik, „komplayens nazorat“ tizimini joriy etish bo‘yicha o‘qitib beramiz, degan xat chiqarsak, bu tijorat banklari Markaziy bank rahbariyati orqali vaqt yo‘q deyishdi. Biz shuni tushuna olmayapmiz. O‘zi bankni rahbariyatida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha ishtiyoq, xohish bormi? Nima halaqit berayapti?”, — dedi Akmal Burxonov.

Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidqaxxor Xolxo‘jayev agentlik direktori savoliga javoban 2020−2021 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish va uni oldini olish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” Markaziy bank tizimida tasdiqlanganini ma’lum qildi.


Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidqaxxor Xolxo‘jayev. Foto: Abdullo Yodgorov / “Gazeta.uz”

“Tijorat banklariga o‘zlarining aksiyadorlari va kuzatuvchilar kengashi boshliqlari bilan kelishilgan holda tasdiqlab, buni Hisob palatasi va agentikka berish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Bugungi kun holatiga ushbu davlat ishtirokidagi 10 ta tijorat banklari tomonidan “yo‘l xaritalari” tasdiqlanib, agentlik va Hisob palatasiga taqdim etildi. Bizdagi ma’lumotga asosan. Markaziy bankda 1 noyabr holatiga alohida “komplayens nazorat” tizimi joriy etildi va tasdiqlangan “yo‘l xarita"sidagi har bir chora-tadbirlar bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirib ketayapmiz”, — dedi Saidqaxxor Xolxo‘jayev.